2023-yilda “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasining sof foydasi ikki barobardan ko‘proqqa kamaydi, deya xabar bermoqda Spot.uz Kapital Depozit investitsion kompaniyasiga tayanib.

Qayd etilishicha, o‘tgan yili aksiyadorlik jamiyatining sof foydasi 611,6 mlrd so‘mni tashkil etgan, bu 2022-yilga nisbatan 52,6 foizga kamdir. Oxirgi 3−4 yil ichida kompaniya foydasi 5 barobarga kamaygan.

Neft-gaz kompaniyasining aktivlari qariyb 90 trln so‘mga yetgan (oldingi yilga nisbatan 13,1 foizga o‘sgan), daromadi esa 14,7 trln so‘mni (+11,2 foiz) tashkil etgan.

Keltirilishicha, moliyaviy ko‘rsatkichlarning pasayishi kapital (48 trln so‘m), taqsimlanmagan (5,7 trln so‘m) va yalpi foyda (3,1 trln so‘m) da kuzatilgan.

“O‘zbekneftgaz” dividend to‘lovlarini sezilarli darajada oshirgan, uning miqdori yil davomida ikki baravarga — 2,5 trln so‘mgacha ko‘paygan.

Uzoq muddatli bank kreditlari biroz qisqarib, 18 trln so‘mdan 17,6 trln so‘mgacha kamaygan. O‘z navbatida, qisqa muddatli kreditlar uch baravarga — 746,8 mlrd so‘mdan 2,2 trln so‘mga oshgan, deyiladi xabarda.

Avvalroq S&P “O‘zbekneftgaz” kredit reytingini past natijalar, yuqori qarz yuki va Uzbekistan GTL to‘liq quvvat bilan ishlamayotgani sababli nisbatan riskli bo‘lgan “B+” darajasiga tushirgandi. Majburiyatlarning buzilishi va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanish ehtimoli kamaygani sababli prognoz “salbiy”ga o‘zgargan.

Kompaniya 2024-yil oxirigacha 29,3 mlrd metr kub gaz qazib olish uchun gaz quduqlarini burg‘ilashga 320 mln dollardan ortiq, ularni ta’mirlashga 45 mln dollar sarflash va 79,6 mln dollarlik geologik qidiruv ishlarini olib borishni rejalashtirmoqda. Bu hajm avvalgi prognozlardan 4,8 mlrd kub metrga kam.