23-mart kuni Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida sodir bo‘lgan sel-suv toshqinlari oqibatlarini bartaraf etishga 10 ming kishi jalb etildi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi.

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov bir kun avval hodisa sodir bo‘lgan mahallalarga borib, bu yerga viloyatdagi barcha tumanlar hokimlari bir kunga o‘z odamlari va texnikasi bilan kelib, ommaviy hasharda qatnashishini tayinlagandi.

Xususan, “Elobod”, “Yangishahar”, “Bog‘aro” va “Azlarsoy” mahallaridagi 61 ta ko‘cha shahar va tumanlarga biriktirilgan. Hududlardan 10 mingga yaqin hasharchi, 200 dan ortiq yuk mashinasi, 100 ga yaqin maxsus transport vositasi, 50 ta motopompa vositasi jalb qilingan.

O‘sha kuni 130 dan ortiq xonadonlardagi loyqa suvlar maxsus texnikalar va motopompalar yordamida tozalangan, 12 ta ko‘chadagi 12 km ichki yo‘llar shag‘allashtirilib, ta’mirlangan. Tozalangan va tartibga keltirilgan ko‘chalar bo‘ylab 1 mingdan ortiq mavsumga mos daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqazilgan.

Suv va loyqalardan tozalangan 3 mingdan ortiq obyektdan, xususan, aholi xonadonlari, oshxona va yordamchi binolari, ijtimoiy soha obyektlarida hamda 2,5 mingga yaqin suv hovuzlarida dezinfeksiyalash amalga oshirilgan. Aholi qaramog‘idagi 100 dan ortiq chorva mollari xavfsiz hududlarga olib o‘tilib, veterinariya xizmatlari ko‘rsatilgan.

sel, сурхондарё, қумқўрғон

Ayni vaqtda Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Milliy gvardiya boshqarmalari boshliqlari, shahar va tumanlar hokimlari rahbarligida biriktirilgan ko‘chalar bo‘ylab ishlar davom etmoqda, deyiladi xabarda.

Hokimlikning qayd etishicha, kelgusida sel-suv toshqinlarining oldini olish, yopilib qolgan sel yo‘llarini ochish, yangilarini tashkil etish, to‘rtta mahallada ham ishlarni sifatli amalga amalga oshirgan holda aholini yashash manzillariga qaytarish, ularga zarur sharoitlarni yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olingan.

Eslatib o‘tamiz, 21-mart kuni kechqurun Surxondaryo viloyatining turli hududlari jumladan, Qumqo‘rg‘on tumanida kuchli yomg‘ir sabab sel-suv toshqinlari bo‘lgan. Yuzlab xonadon va turar joylarga suv kirgan. Tabiiy ofat oqibatida jarohat olganlar bo‘lmagan.