“Salimboy” nomi bilan tanilgan tadbirkor Salim Abduvaliyev 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Toshkent shahri sudlari matbuot xizmati xabar berdi.

19-mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudida Abduvaliyevga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi.

Hukmga muvofiq, Salim Abduvaliyev Jinoyat kodeksining 246-moddasi (Kontrabanda) 1-qismi bilan jinoiy javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketganligi sababli jinoiy javobgarlikdan ozod etilib, jinoyat ishining shu qismi Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasi (Ayblilik to‘g‘risidagi masalani hal qilmay turib jinoyat ishini tugatish uchun asoslar) 1-qismi 1-bandiga asosan tugatildi.

Abduvaliyev Jinoyat kodeksining 248-moddasi (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor, deb topilib, unga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.

74 yoshli tadbirkor 2017-yil yanvar oyidan buyon O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari va mamlakat sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi lavozimlarida ishlab kelayotgandi. Abduvaliyev sport faoliyatiga qo‘shgan hissasi uchun 2015-yilda “Do‘stlik” ordeni, 2021-yilda esa “Xizmat ko‘rsatgan sport murabbiyi” unvoni bilan taqdirlangan.

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari 2023-yil dekbar oyi boshida Salim Abduvaliyevni qo‘lga olgan. Shundan so‘ng Toshkent shahri huquq-tartibot idoralari Abduvaliyevga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasini tanlagan.