O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 2022-yil aprelida “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi. Hujjatda dori vositalari (substansiyalar bundan mustasno) va tibbiy buyumlarni guruhlarga bo‘linishini nazarga tutgan holda identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash tizimini 2022−2025-yillar davomida bosqichma-bosqich joriy etish ko‘zda tutilgan.

Savdoga chiqarilishining oldi olingan qalbaki dorilar. Foto: DXX matbuot xizmatiSavdoga chiqarilishining oldi olingan qalbaki dorilar. Foto: DXX matbuot xizmati

Dori vositalarini markirovkalash tizimi preparatlarning ishlab chiqaruvchidan to xaridorgacha bo‘lgan butun harakati kuzatuvda bo‘lishini nazarda tutadi. U muomalada bo‘lgan dori vositalarining sifatini samarali nazorat qilish va qalbaki dorilar bilan kurashish uchun ham zarur. Markirovkalash mahsulot qadog‘iga unikal kodni tushirish yordamida amalga oshiriladi. Bu kod preparatni identifikatsiya qilish va uning ishlab chiqarish bosqichidan to muomaladan chiqib ketgunga qadar bo‘lgan yo‘lini kuzatish imkonini beradi.

dorilarni markirovkalash, markirovkalash, фармацевтика

Qoida bo‘yicha, qadog‘ida markirovkasi yo‘q dorini sotish imkonsiz bo‘lishi kerak. Maxsus kod skanerlanganidan keyingina tizim avtomatik ravishda mahsulot haqida axborot kiritilgan chekni shakllantiradi. Agar qadoqda markirovka bo‘lmasa, bu xaridni onlayn-kassadan o‘tkazib bo‘lmaydi.

O‘zbekistonda preparatlar kontrabandasi hamda dorilarni rasmiy ishlab chiqaruvchilar va distribyutorlarni aylanib o‘tgan holda mamlakat hududiga olib kirishga qarshi kurashish maqsadida 2022-yildan dori vositalarini markirovkalash tizimi joriy etila boshladi. Tizimni tatbiq etishdan ko‘zlangan yana bir maqsad — qalbaki dorilar savdosining oldini olish. Hozirda tizimga barcha guruhdagi dori vositalari kiritilgan. Loyihaning ikki yillik realizatsiyasi yakunlaridan kelib chiqib aytish mumkinki, davlat dorilarni markirovkalash tizimini rivojlantirishda davom etyapti.

Shu bilan birga, har qanday yangi loyihani, boz ustiga, markirovka kabi kompleks loyihalarni tatbiq etishda texnik, tashkiliy va moliyaviy masalalarni o‘z ichiga olgan qiyinchiliklar yuzaga kelishi, bu narsa esa loyihaning o‘z vaqtida ishga tushishiga ta’sir qilishi mumkinligini ham e’tirof etmoq joiz. Raqamli markirovkalash tizimi joriy etilgan boshqa mamlakatlarda ham o‘z vaqtida shu kabi muammolar yuzaga kelganini qayd etish o‘rinlidir. Va ularning bari hal etilgan.

dorilarni markirovkalash, markirovkalash, фармацевтика

O‘zbekiston uchun mo‘ljallangan dori vositalarini markirovkalash bo‘yicha AstraZeneca kompaniyasi tajribasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, biz nazorat qiluvchi organ va milliy tizim operatori hisoblangan CRPT Turon bilan yaqin hamkorlikda ishlayapmiz, davlat dori vositalarini markirovkalash bo‘yicha ilgari surayotgan barcha talablarni bajaryapmiz. Kompaniya markirovkalashni joriy etish uchun, xalqaro standartlarga muvofiq sifat talablarini qo‘ygan holda, hamkorning quvvatlarida shtrix-kod tushirish imkoniyatlarini izlay boshladi.

Markirovkalash masalasida tashkiliy jihatlardan tashqariy texnologik o‘ziga xosliklar ham bor: masalan, kompyuter tizimlarimizga raqamli markirovka bilan ishlash uchun shaxsiy kabinetlarni o‘rnatish. Bu biz uchun O‘zbekiston bozoridagi yangi amaliyot bo‘lgani bois, har qadamda yuzaga keladigan xilma-xil savollar yuzasidan regulyator bilan maslahatlashib ishlayapmiz. Bu ham vaqt oladi.

Dori vositalari harakatini kuzatish bo‘yicha bunday murakkab tizimni joriy etish vaqtida qiyinchiliklardan qochib qutilib bo‘lmaydi, deb o‘ylayman. Bu soha va nazorat qiluvchi organlar uchun ma’lum bir darajada stress, dorilarning bozorga chiqishiga ham ta’sir qiladi. Ammo bu vaqtinchalik holat. Taxminimcha, preparatlarni markirovkalashning barcha jarayonlarini yo‘lga qo‘yib olish uchun — ishlab chiqaruvchilar bir necha bor mahsulot olib kirib, yangi jarayonlarni bir necha bor sinab ko‘rgunicha — O‘zbekistonga yana bir necha oy kerak bo‘lishi mumkin.

dorilarni markirovkalash, markirovkalash, фармацевтика

Ayni vaqtda, dorilarni markirovkalash fuqarolarni xavfli mahsulotdan himoya qilish chorasi sifatida juda muhim ahamiyatga ega. Hozirning o‘zidayoq markirovkalangan dori vositalariga berilgan cheklar soni 800 barobar oshganini ko‘rib turibmiz. Markirovka preparatning original (haqiqiy)ligini tasdiqlaydi, to‘g‘ri ishlab chiqarilib, qonuniy olib kirilganini — demak, iste’molchi uchun ham xavfsiz ekanini bildiradi.

Ammo birgina markirovkalashning o‘zi bozorni to‘la shaffof qilib qo‘ymaydi. Buning uchun davlat tomonidan kompleks ish olib borilishi, xususan, qonunchilik har qanday sertifikatlanmagan va sifatsiz dorilarning olib kirilishi nuqtai nazaridan qat’iylashtirilishi lozim. Masalan, hozir O‘zbekiston qonunchiligida “parallel import” masalasi tartibga solinmagan. Bu huquq egasining ruxsatisiz boshqa mamlakatlardan dori olib kirish ehtimoli saqlanib qolayotganini anglatadi. Preparatlar bojxonani aylanib o‘tib, sertifikatlanmay, sovuqlik zanjiriga rioya etilmay olib kirilyapti va sifat nazorati talablari buzilgani holda dorixona peshtaxtalariga qo‘yilyapti, bu esa xaridorlar salomatligiga jiddiy xavf keltirib chiqaradi. Dorixonalarning bunday preparatlarni sotganlik uchun javobgarligi ham tartibga solinmagan. Bularning bari to‘liq xavfsiz va shaffof dori bozorini shakllantirishga xalal beryapti.

Toki qonunchilikdagi barcha huquqiy tuynuklar yopilmas ekan, raqamli markirovkalash joriy etilganidan keyin ham mamlakatda dori vositalari kontrafakti va kontrabandasi davom etaveradi. Shu munosabat bilan O‘zbekistonda dori vositalari va ularning mamlakatga olib kirilishiga doir butun huquqiy maydon takomillashtirilishi lozim.

Shundan so‘nggina raqamli markirovkalash to‘la samarali ishlay boshlaydi hamda xaridorlarni sifatsiz va favqulodda xavfli dorilardan muhofaza qilib, har bir tabletkaning harakatini kuzatish imkonini beradi.

dorilarni markirovkalash, markirovkalash, фармацевтикаAleksey Teteryuk — siyosiy fanlar nomzodi, MBA, Rossiya siyosiy fanlar assotsiatsiyasi a’zosi, AstraZeneca xalqaro biofarmatsevtika kompaniyasining Rossiya va Yevrosiyodagi bozorlarga kirish va davlat organlari bilan ishlash bo‘yicha menejeri.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.