O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev payshanba kuni Toshkentdagi Humo Arena saroyida Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda nutq so‘zladi. Tadbir “Yangi O‘zbekiston” istirohat bog‘ida bo‘lib o‘tishi kerak edi, biroq ob-havo sharoiti tufayli o‘tkaziladigan joy o‘zgartirildi.

“Bugun obi rahmat yomg‘irlari bilan osmondan rizqu ro‘z, qut-baraka yog‘moqda. Hammamiz bu holatni shukronalik bilan qabul qilamiz”, — dedi davlat rahbari.

“Bugun fasllar almashib, yeru ko‘kda ilohiy mo‘’jizalar yuz bermoqda. Yangi kun, yangi mavsum, yangi hayot nafasi boshlanmoqda. Tabiat uyg‘onishi bilan zimiston kechalardan zerikkan ko‘ngillar yasharib-yayramoqda”, — dedi prezident.

“Yurtimiz qiyofasi kundan-kunga obod va go‘zal bo‘lib bormoqda”, — degan Shavkat Mirziyoyev “zamonaviy korxonalar, shinam uy-joylar, ijtimoiy va madaniy obyektlar, yo‘l va ko‘priklar, bog‘ va xiyobonlar” barpo etilayotganini sanab o‘tdi.

шавкат мирзиёев, навro‘z

“Inson qadrini ulug‘lash, uning hayotiy manfaatlari va ijtimoiy himoyasini ta’minlash, ehtiyojmand aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir yurtdoshimizga mehr va e’tibor ko‘rsatish faoliyatimiz mezoniga aylanmoqda”, — deya ta’kidladi prezident.

Shavkat Mirziyoyev Navro‘zi olam butun borliqni, avvalambor, yer va suv, hayvonot va o‘simlik dunyosini, sof havoni asrab-avaylab, ona tabiatga mehribon farzand bo‘lib yashashga da’vat etayotganini, O‘zbekistonda ham “shunday ezgu chorlovga javoban Navro‘z ayyomini munosib kutib olish borasida ulkan ishlar amalga oshirilayotganini” ta’kidladi.

Navro‘z ayyomini “inson umrining bahori” bilan qiyoslab, mamlakat yoshlari — “Yangi O‘zbekiston farzandlari”ning turli sohalarda, xususan, sportda erishayotgan muvaffaqiyatlarini ta’kidladi.

шавкат мирзиёев, навro‘z

Prezident yaqinda Praga xalqaro turnirida muddatidan avval g‘oliblikni qo‘lga kiritib, dunyoning eng kuchli to‘rt nafar shaxmatchisi qatoridan joy olgan grossmeyster Nodirbek Abdusattorovga (rasmda) alohida murojaat qildi. Qizlarning sport sohasida erishayotgan yutuqlarini ham alohida ta’kidladi.

Chunki doimo izlanish, tashabbus va yangilikka, o‘zligini namoyon etishga intilish yoshlik va tadbirkorlikka xos fazilatlar hisoblanadi, — dedi prezident. U biznesni “nafaqat iqtisodiyotda, balki ijtimoiy hayotda ham hal qiluvchi kuch” deb atar ekan, mamlakatda “ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish uchun yanada keng imkoniyatlar” yaratilishiga ishontirdi.

“Yangi O‘zbekistonni tadbirkorlik va biznes uchun eng qulay va jozibador mamlakatlardan biriga aylantirish yo‘lida yangi amaliy qadam qo‘yamiz”, — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev asosiy maqsadni “tomorqa yerlaridan unumli foydalanish, tomorqa egalarini zarur vosita va resurslar bilan ta’minlash, ular yetishtirgan mahsulotga bozor topib berish uchun ko‘maklashish, har qaysi oila va mahallada kichik-kichik ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish, servis va xizmat turlarini ko‘paytirish”, deb atadi.

“Mamlakatimiz bo‘yicha 5,5 millionta xonadonda 510 ming gektar — e’tibor bering — 510 ming gektar tomorqa yerlari bor. Bu hali to‘la ishga solinmagan ulkan imkoniyat, katta boylikdir”, — dedi prezident.

“O‘zbekiston sharoitida ana shunday imkoniyatlardan foydalanib, astoydil mehnat qilgan odam hech qachon kam bo‘lmaydi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

“So‘nggi ikki yilda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasini 17 foizdan 11 foizga tushirishga erishdik”, — dedi prezident. U tomorqa yerlari va uy xo‘jaliklari imkoniyatlaridan foydalangan holda bu ko‘rsatkichni bir xonali raqamgacha kamaytirish mumkinligini ta’kidladi.

шавкат мирзиёев, навro‘z

“Tadbirkorlik, jumladan, tomorqadagi mehnat, odamni, ayniqsa, yoshlarni jismoniy va ma’naviy tarbiyalaydi, ularni o‘z kuchi va imkoniyatiga ishonib yashashga o‘rgatadi. Ta’kidlab aytmoqchiman: davlatimiz bunday faol insonlarni doimo qo‘llab-quvvatlaydi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bunda “fuqarolik jamiyatining noyob namunasi bo‘lgan mahalla yetakchi o‘rin tutadi”. “Shu bois mahallani qo‘llab-quvvatlash, uni yanada rivojlantirish doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Chunki, mahalla — bu mehr va ahillik qo‘rg‘onidir. Mahalla — oqko‘ngil, bunyodkor xalqimiz qalbining ko‘zgusidir”, — dedi prezident.

“Dunyodagi vaziyat tobora murakkab va tahlikali tus olayotgan hozirgi kunda Navro‘z Yer yuzida turli xalqlar va millatlar o‘rtasida tinchlik va hamkorlikni mustahkamlashdek ezgu maqsadga xizmat qilmoqda”, — dedi davlat rahbari.