O‘zbekiston Istiqbolli loyihalar milliy agentligining 5-martdagi qarori bilan kriptobirjalar (400 BHM dan 740 BHM gacha, 1,8 baravardan ortiqqa) va kriptodo‘konlar (20 BHM dan 185 BHM gacha, 9 baravardan ortiqqa) yig‘imlari oshirildi.

ILMA matbuot xizmatining xabar qilishicha, kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar, xususan, kriptobirjalar va kriptodo‘konlar faoliyati tahlili “ularning yetarli darajada rentabelligini ko‘rsatdi”.

“O‘zgartirishlar davlat budjetiga tushumlarni kamida 2 barobar oshirish imkonini berib, shu bilan birga, xizmat ko‘rsatuvchi provayderlarning moliyaviy holatiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi”, — deyiladi xabarda.

O‘zgartirishlar uch oy o‘tgach, ya’ni iyun oyining boshidan kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi kriptobirjalar, mayning pul, kriptodepozitariylar va kriptodo‘konlar faoliyatini litsenziyalovchi organ hisoblanadi.

19-fevral kuni ILMA mayning jarayonini ta’minlash maqsadida hisoblash quvvatlarini birlashtiruvchi elektron platformani taqdim etuvchi tashkilot — mayning pul faoliyati qoidalarini tasdiqladi. Ushbu hujjatning qabul qilinishi bilan O‘zbekistonda kriptoaktivlar muomalasi sohasidagi qonunchilik bazasini shakllantirish yakunlandi.