Prezident mahallalarda futbol infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Hujjat bilan yoshlar yetakchisiga bir qator qo‘shimcha vazifalar yuklatildi.

Xususan, endi u yoshlarni futbolga qiziqtirish, mahalladagi sport inshootlaridan samarali va tizimli foydalanishni tashkil etish, ayollar va erkaklarning turli yosh toifalari bo‘yicha “mahalla terma jamoalari” shakllantirishga mas’ul bo‘ladi.

Ushbu ishlar mahalliy hokimiyatlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi, yoshlar yetakchilari infratuzilmani rivojlantirish, sport inventarlari bilan ta’minlash va qo‘shimcha sharoit yaratish bo‘yicha takliflar kiritadi.

Uning vazifalari qatoriga, shuningdek, hududdagi yosh iqtidorli futbolchilarni aniqlash hamda ularni professional futbol ta’lim muassasalariga yo‘naltirib borish ham kiradi.

Futbol bo‘yicha mahalla terma jamoalarining 12−15 yosh toifalari o‘rtasida ikki bosqichli “Mahalla ligasi” o‘tkaziladi. Bundan tashqari:

  • 16−30 yosh toifalari o‘rtasida uch bosqichli DXX kubogi musobaqalarini o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
  • har yili 1-yanvargacha mahallalarda o‘tkaziladigan futbol musobaqalari, chempionat va turnirlarning alohida yillik kalendar rejasi tasdiqlab boriladi.

2024/2025 o‘quv yiligacha “Mahalla ligasi” musobaqalarida o‘zini namoyon etgan eng iqtidorli futbolchi yoshlarni saralab olish (seleksiya) orqali hududiy futbol va sport maktablari hamda futbol akademiyalariga yo‘naltirib borish tizimi, 2024-yildan barcha maktablarda 8−11-sinf o‘quvchilari orasidan bir nafar maktab futbol yetakchisini tanlab olish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Qarorda yozilishicha, mahallalarda namunaviy tipdagi sport inshootlarini barpo etishda jamoaviy sport turlariga ustunlik beriladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Shavkat Mirziyoyev mahallalarda futbol infratuzilmasini rivojlantirishga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishgan, unda mavjud stadion va maydonlardan samarali foydalanish, ular mavjud bo‘lmagan joylarda esa DXSH asosida yangisini qurish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.