Ijtimoiy tarmoqlarda Xoliqjon Vines taxallusi bilan tanilgan vayner Xoliqjon Samadov hamda uning sheriklari qamaldi, deya xabar bermoqda Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, ular Buxoro shahrida avtomobilda harakatlanib, yo‘l belgisiga qasddan shikast yetkazish bilan bog‘liq sahnalashtirilgan holatni tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan.

Videoda vayner shaharning “Namozgoh” ko‘chasida Nexia 2 avtomashinasida harakatlanib kelib, uni ikki nafar sherigi ustiga haydagani, so‘ngra ular yo‘l chetiga chiqib ulgurgach, mashina yo‘l belgisiga urilib, unga zarar yetkazganini ko‘rish mumkin.

Videotasvir bo‘yicha viloyati IIB tomonidan surishtiruv o‘tkazilib, transport vositasi egasi va uni haydagan shaxs aniqlangan. Mashina jarima maydoniga qo‘yilgan.

Sud vaynerning to‘rt nafar sherigiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinlagan. Ushbu holatning asoschisi bo‘lgan Xoliqjon Samadovga nisbatan uzil-kesil 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Vayner Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-moddasi 1-qismi (Haydovchilarning transport vositalarini boshqarishda xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga rioya etmasligi), 128(5)-moddasi 2-qismi (Transport vositalari haydovchilarining xalaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi), 147-moddasi (Yo‘llarga, yo‘l inshootlariga, yo‘l harakatini tartibga solib turuvchi texnik vositalarga shikast yetkazish), 183-moddasi (Mayda bezorilik)da nazarda tutilgan huquqbuzarliklar bo‘yicha aybli deb topilgan.