Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi O‘zbekistondagi eng yirik yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i bo‘lgan UNG Petro`ning xususiylashtirilishi bo‘yicha kelishuvni o‘rganmoqda. Bu haqda 20-mart kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida (AOKA) o‘tkazilgan matbuot anjumanida qo‘mita raisi o‘rinbosari Farrux Karabayev ma’lum qildi.

“Raqobat to‘g‘risidagi qonun talablaridan kelib chiqib, bozor konsentratsiyasini nazorat qilish nuqtai nazaridan [Raqobat qo‘mitasidan — tahririyat] oldindan rozilik olish masalasi bor. Lekin ayrim holatlarda istisno tariqasida bu mexanizm qo‘llanmaydi. Shuning uchun biz ham bu vaziyatni o‘rganyapmiz. Agar bu holatda investor [Petroleum Technology Group] tomonidan tegishli qonun hujjatlariga ta’sir aniqlansa, qonunchilikka asosan ish ko‘ramiz”, — dedi Farrux Karabayev.

Ma’lumot o‘rnida, iqtisodiy konsentratsiya ustidan davlat nazorati Raqobat to‘g‘risidagi qonunning 26-moddasi bilan tartibga solinadi. Unda iqtisodiy konsentratsiya ustidan davlat nazorati iqtisodiy konsentratsiyaga oldindan rozilik berish orqali vakolatli davlat organi (Raqobat qo‘mitasi) tomonidan amalga oshirilishi aytiladi. Istisno tariqasida esa moddaning talablari ba’zi hollarda, jumladan, davlat ishtirokidagi korxonalarning qo‘shib yuborilishiga yoki qo‘shib olinishiga yoxud ularning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarning (ulushlarning) olinishiga doir bitimlar prezident qaroriga binoan amalga oshirilgan hollarga tatbiq etilmasligi aytiladi.

Qo‘mita raisi o‘rinbosarining ta’kidlashicha, aksiyalar paketini sotish bo‘yicha bunday bitimlar O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojlanishi tufayli ko‘payib bormoqda, shuning uchun ham iqtisodiy konsentratsiya o‘zgarib bormoqda. U, shuningdek, UNG Petro xususiylashtirilishi bo‘yicha savol bilan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga murojaat qilishni maslahat berdi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hozircha bitim tafsilotlarini ma’lum qilganicha yo‘q (UNG Petro qachon qancha summa va qanday shartlar asosida xususiylashtirilgani ma’lum emas). Avvalroq “Gazeta.uz” Davaktiv matbuot xizmati bilan bog‘lana olmayotgani haqida yozgandi. Ungpetro.uz sayti o‘z faoliyatini to‘xtatgan, ijtimoiy tarmoqlardagi oxirgi posti esa yanvar oyi boshida e’lon qilingan.

“Bugungi kunda Raqobat qo‘mitasi, uning faoliyati va vakolatlari bilan bog‘liq masala o‘rganilmoqda. Hozir men [qo‘mitaning] aniq bir fikr ayta olmayman, ammo [vaziyatni] o‘rganib chiqqanimizdan so‘ng o‘z xulosamizni beramiz”, — deya javobini yakunladi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.

Mart oyi boshida Daniyar Kamilovga (sobiq tashqi ishlar vaziri, hozirda prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari Abdulaziz Kamilovning o‘g‘li) tegishli Petroleum Technology Group kompaniyasi (ustav kapitali — 100 mln so‘m) O‘zbekistondagi eng yirik yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i bo‘lgan UNG Petro`ning (ustav kapitali — 265 mlrd so‘m) egasiga aylangani xabar qilingandi.

2022-yil oxirida UNG Petro 69 ta benzin quyish shoxobchasi, 6 ta gaz quyish shoxobchasi va 2 ta gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasiga (jami 77 ta yoqilg‘i quyish shoxobcha) egalik qilardi. Xususiylashtirish rejalari e’lon qilingan 2023-yilning may oyida UNG Petro`ning 78 ta yoqilg‘i quyish shoxobchasi borligi qayd etilgandi.

Avvalroq “Gazeta.uz” ochiq ma’lumotlar asosida xususiylashtirilgan tarmoqning taxminiy miqdorini hisoblab chiqqandi. Unga ko‘ra, Petroleum Technology Group tomonidan xususiylashtirilgan “O‘zbekneftgaz”ning 80 ta yonilg‘i quyish shoxobchasining narxi kamida 100 mln dollar bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Petroleum Technology Group avvalroq “O‘zbekneftgaz”ga qarashli Chinoz neftni qayta ishlash zavodi egasiga ham aylangandi.