Petroleum Technology Group tomonidan xususiylashtirilgan “O‘zbekneftgaz"ning 80 ta yoqilg‘i quyish shoxobchasining narxi kamida 100 million dollar bo‘lishi mumkin. “Gazeta.uz” ochiq ma’lumotlar asosida taxminiy miqdorni hisoblab chiqdi.

Mart oyi boshida “Gazeta.uz” Daniyar Kamilovga (sobiq tashqi ishlar vaziri, hozirda prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari Abdulaziz Kamilovning o‘g‘li) tegishli Petroleum Technology Group kompaniyasi (ustav kapitali — 100 million so‘m) O‘zbekistondagi eng yirik yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i bo‘lgan UNG Petro`ning (ustav kapitali — 265 milliard so‘m) egasiga aylanganini xabar qilgan edi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hozircha bitim tafsilotlarini ma’lum qilganicha yo‘q (UNG Petro qachon, qancha summa va qanday shartlar asosida xususiylashtirilgani ma’lum emas). “Gazeta.uz” Davaktiv matbuot xizmati bilan bog‘lana olmayapti. ungpetro.uz sayti o‘z faoliyatini to‘xtatgan, ijtimoiy tarmoqlardagi oxirgi posti esa yanvar oyi boshida e’lon qilingan.

2022-yil oxirida UNG Petro 69 ta benzin quyish shoxobchasi, 6 ta gaz quyish shoxobchasi va 2 ta gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasiga (jami 77 ta yoqilg‘i quyish shoxobcha) egalik qilardi. Xususiylashtirish rejalari e’lon qilingan 2023-yilning may oyida UNG Petro`ning 78 ta yoqilg‘i quyish shoxobchasi borligi xabar qilingan edi.

2024-yilning birinchi choragiga mo‘ljallangan investitsion dasturda “O‘zbekneftgaz” tomonidan 2023−2024-yillarda Buxoro tumani va Toshkentning Sergeli tumanida 2,5 million dollarga ikkita yoqilg‘i quyish shoxobchasi qurilishi belgilangan. Shu tariqa bitta stansiya qurilishi, yer narxini hisobga olmaganda, 1,25 million dollarga (80 ta yoqilg‘i quyish shoxobchasi — 100 million dollar) tushishi mumkin.

Taqqoslash uchun: Rossiyaning “Tatneft” kompaniyasi poytaxtning Qoratosh ko‘chasida tayyor AYOQSH sotib olib, yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini kengaytirish uchun 1,3 million dollar sarmoya kiritgan, mahalliy Uchqun Avto Trans kompaniyasi esa 0,5 million dollarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi qurishni rejalashtirgan.

OLX e’lonlar saytida Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi yoqilg‘i quyish shoxobchasi 1,7 million dollarga sotilgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan (1, 2).

Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda UNG Petro`ning aylanmasi 2,24 trillion so‘mni (taxminan 178 million dollar) tashkil etgan, bu 2022-yilga (1,86 trillion so‘m) nisbatan 20,4 foizga ko‘p. Shu bilan birga, kompaniya tomonidan 85,5 milliard so‘m soliq to‘langan, bu o‘tgan yilga nisbatan (156,3 milliard so‘m) qariyb 2 barobar kam, chunki 2023-yilda Ai-80 benzinini sotishda aksiz solig‘i bekor qilingan edi.

Eslatib o‘tamiz, Petroleum Technology Group avvalroq “O‘zbekneftgaz"ga qarashli Chinoz neftni qayta ishlash zavodi egasiga ham aylangandi.