19-mart kuni Shavkat Mirziyoyev Yakkasaroy tumanidagi yo‘lovchi vagonlar qurish va ta’mirlash zavodiga tashrif buyurdi.

Avvalroq yozganimizdek, davlat rahbari zavodda ishlab chiqarilgan vagonlarni ko‘zdan kechirdi. Ularning dizaynini o‘zgartirish va yo‘lovchilar uchun qulayliklarni yaxshilash zarurligini ta’kidladi.

“Dizaynerlar, injenerlar [uchun tanlov] e’lon qilib, vagon ichkarisini ham arzonlashtirsak bo‘ladi, metallarni ham boshqatdan ko‘rib chiqsa bo‘ladi, koridorimizni ham ko‘rib chiqsak bo‘ladi. Ichidagi ko‘p narsasi o‘zgarmagan. To‘g‘ri, xavfsizlik bo‘yicha tushib ketmasligi uchun bir narsalar qo‘yibsizlar, lekin uni ham yengillashtirsa bo‘ladi. Tender qilinglar. Shunday bo‘lishi kerakki, buni ko‘rgandan Yangi O‘zbekiston sezilishi kerak. Odamlar Yangi O‘zbekiston vagonini ko‘rib, ruhlanishi kerak”, — dedi u.

Davlat rahbari temiryo‘l tarmog‘ini elektrlashtirish, ko‘p aholili tumanlarni qamrab olish va sanoat uchun alohida quvvatlar ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” boshqaruvi raisi Zufar Narzullayevning ta’kidlashicha, mavjud elektropoyezdlarning uzunligi 18 metrni tashkil etadi, zavod buni 22 metrga yetkazmoqchi. Hozirda bunday poyezdlar Xovos va Bo‘stonliq tumanlariga qatnamoqda.

“O‘zi arzimagan 8 dona elektropoyezdimiz bor O‘zbekiston davlatida. Lekin hozir [prezident] juda katta topshiriq berdilar, zavodning ishlab chiqarish quvvati bir yilda 50 ta edi, prezident bizga 100 ta vagon ishlab chiqarasan, deb topshiriq berdilar. Buning uchun uch smenada ish tashkil qilinadi. Eng asosiysi, buning bozori bor. Davlatimiz, shaxsan yurtboshimizning o‘zlari bizlarga buning bozorini qilib berdilar. „O‘zbekiston temir yo‘llari“ bularni sotib oladi, bundan tashqari, qo‘shni davlatlarga eksport qilinadi”, — deydi Zufar Narzullayev.

Davlat rahbariga, shuningdek, 2024-yilda elektropoyezdlar va metro poyezdlari ishlab chiqarishga oid yangi loyiha ham taqdimot qilindi. Bunday poyezdlar mintaqada birinchi marta ishlab chiqariladi.

elektropoyezdlar, metro poyezdlari, o‘zbekiston temir yo‘llari, shavkat mirziyoyev, zufar narzullayev

Toshkent davlat transport universiteti kafedra mudiri Rustam Rahimovning so‘zlariga ko‘ra, birinchi bosqichda viloyatlar bo‘ylab elektr poyezdi yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Poyezdning tezligi 120 km, o‘rindiqlar soni 306 ta bo‘ladi. Keyingi bosqichda shaharlararo poyezdlar havo qarshiligini yengishda ham “energiya sarflamaslik” uchun aerodinamikani hisobga olgan holda ishlab chiqiladi.

“Barcha ilmiy yondashuvlar Toshkent davlat transport universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan, amaliy va ishlab chiqarish jarayonlari esa ushbu zavod konstruktorlari, texnologlari tomonidan amalga oshirilmoqda”, — dedi Rustam Rahimov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, metro poyezdlari ishlab chiqarishda ularning imkoniyatlarini optimallashtirish hisobiga yangi texnik yechimlar ko‘rib chiqilmoqda.

“Bosh vagonda 34 ta o‘rindiq bo‘lsa, oraliq vagonda 44 ta o‘rindiq bo‘ladi. 10 ta odam 1 metr kvadratga to‘g‘ri kelganda ham, bizda mustahkamlik talablari bemalol bajariladi. Bugungi kunda ishlab chiqarishni boshlasak, 40−45 foiz mahalliy xomashyodan foydalangan holda ishlab chiqarishimiz ma’lum bo‘ldi. Keyinchalik mahalliylashtirish foizini ko‘tarib boramiz”, — dedi u.

elektropoyezdlar, metro poyezdlari, o‘zbekiston temir yo‘llari, shavkat mirziyoyev, zufar narzullayev

Zufar Narzullayevning ta’kidlashicha, Rossiyadan elektr poyezdlari 7,8 million dollarga va metro poyezdlari esa 5,8 million dollarga sotib olinadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, zavodda metro poyezdlarini 4,5 million dollar narxda ishlab chiqarish boshlangan, ularning birinchi partiyasi olti oydan keyin chiqariladi. Elektr poyezdlarining narxini esa 7,8 million dollardan 5 million dollargacha qisqartirish rejalashtirilmoqda.

“Bu 5 million dollar ichida qo‘shilgan qiymat solig‘i paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, 650 ta emas, 2000 ta ishchi xodimlar ishlaydi bu zavodda”, — dedi u.

Bu yil yuzlab vagonlarni qurish va ta’mirlash rejalashtirilgan. Bundan tashqari, tog‘-kon va metallurgiya korxonalari uchun maxsus vagonlar ishlab chiqarish (Navoiy KMK uchun 15 ta maxsus vagon) va keng kupega ega vagonlarning yangi turlarini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.