Shveysariyaning IQAir texnologik kompaniyasi 2023-yilgi havo sifati bo‘yicha Butunjahon hisobotini e’lon qildi. Unda 134 mamlakat va hududdagi 7812 ta shaharda havoning PM2,5-mayda zarrachalari bilan ifloslanganlik darajasi baholanadi. Buning uchun mutaxassislar 30 mingdan ortiq kuzatuv stansiyalari ma’lumotlarini tahlil qiladi.

O‘zbekiston havosi sifati faqat Toshkent shahri orqali o‘rganilgan. IQAir ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxtda PM2,5`ning o‘rtacha yillik konsentratsiyasi 28,6 mkg/m3 ni tashkil etgan — bu Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tavsiyalaridan 5−7 baravar yuqori.

Havosi eng iflos bo‘lgan dunyo poytaxtlari reytingida Toshkent 22-o‘rinda. Ifloslanish darajasi bo‘yicha shahar “qizil” toifaga kiritilgan, bu zararli havoni bildiradi.

Eng ifloslangan poytaxtlar beshligiga Nyu-Dehli (Hindiston) — 92 mkg/m3, Dakka (Bangladesh) — 80,2 mkg/m3, Uagadugu (Burkina-Faso) — 46,6 mkg/m3, Dushanbe (Tojikiston) — 46 mkg/m3 va Bag‘dod (Iroq) — 45,8 mkg/m3 kiradi

2023-yilda havo faqat yetti mamlakat — Puerto-Riko, Yangi Zelandiya, Avstraliya, Islandiya, Bermud orollari, Estoniya va Finlyandiya poytaxtlarida JSST standartlariga (5 mkg/m3) javob bergan.

RM2,5 konsentratsiyasi — diametri 2,5 mikrongacha bo‘lgan nozik aerozol zarralari miqdori. Bu havo sifatini tasniflashda ishlatiladigan asosiy ifloslantiruvchi moddalardan biridir. Bu zarrachalar juda kichik o‘lchamlari tufayli o‘pkaga chuqur kirib, qon oqimiga joylashadi, yurak xastaligi va boshqa asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.

RM2,5 zarralari ko‘pincha qazilma yoqilg‘ilarning yonishi natijasida hosil bo‘ladi va avtomobildagi chiqindi gazlari, sanoat va elektr stansiyalari chiqindilari va shamol uchirib kelgan chang kabi tabiiy manbalarda mavjud bo‘ladi.