Prezident tomonidan 18-mart kuni imzolangan qonun [O‘RQ-922-son] bilan ayrim qonun hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi. Qonun Senat tomonidan 9-fevral kuni ma’qullangandi.

Unga ko‘ra, “Ijara to‘g‘risida”gi qonunga ijarachining nogiron bo‘lib qolganligi ijara shartnomasini tugatish uchun asos bo‘lishini bekor qilishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.

“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, pensionerga hisoblangan, lekin uning tomonidan talab qilib olinmagan pensiya summasini to‘lash muddati 12 oydan 24 oygacha uzaytirildi.

Shuningdek fuqarolarga pensiya tayinlash uchun davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali murojaat qilish huquqi berildi.

Bundan tashqari, qonunda pensiyaning eng kam miqdori eng kam iste’mol xarajatlari darajasidan oz bo‘lmasligini belgilash, pensiyalar miqdorlarini yil davomida tovarlar va xizmatlarning iste’mol narxlari indeksi darajasining o‘sish sur’atlarini inobatga olgan holda oshirib borish tartibi aniqlashtirildi.

Hozirda eng kam iste’mol xarajatlari miqdori 621 ming so‘mni tashkil etadi.

Shu bilan birga “Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonunga fuqaroda davlat pensiya ta’minoti huquqi yuzaga kelganligi to‘g‘risida Pensiya jamg‘armasi tomonidan Xalq bankiga axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladigan ma’lumotlar fuqaroning pensiya to‘lovlarini olishi uchun asos bo‘lishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.