“Gazeta.uz” 15-mart kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga uchuvchisiz uchish apparatlarini (UUA), ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish uchun jazoni yengillashtiruvchi o‘zgartishlarni imzolaganini yozdi. O‘zgartirishlar uch oydan so‘ng — 17-iyundan kuchga kiradi.

O‘zbekistonda 2015-yilda dronlarni olib kirish va ulardan foydalanishni to‘liq taqiqlash joriy qilingan edi. 2019-yilda buning uchun jinoiy javobgarlik — 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilandi (majburiy deklaratsiya bilan tranzit qilinganlaridan tashqari).

Jazoning jiddiyligi va taqiqning mavjudligi doimiy ravishda jamoatchilik tomonidan tanqid qilinib kelingan. O‘zbekistonda dronlardan foydalanish taqiqlanganidan bexabar xorijlik sayyohlar bir necha bor javobgarlikka tortilgan.

Prezident tomonidan imzolangan va Lex.uz`da e’lon qilingan qonunning muqaddimasida quyidagilar e’tirof etiladi:

“Sud-tergov amaliyotining tahlili O‘zbekiston Respublikasi hududida uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirishni, shuningdek o‘tkazishni, olishni, saqlashni yoki ulardan foydalanishni sodir etganlik uchun belgilangan jinoiy javobgarlik choralari mazkur qilmishlarning ijtimoiy xavflilik xususiyati va darajasiga nomutanosib ekanini ko‘rsatdi, bu o‘z navbatida, fuqarolarning, shu jumladan turistlarning asosli e’tirozlari ko‘payishiga sabab bo‘lgan.

“Respublikamizda turizm sohasida olib borilayotgan tub islohotlar turistik infratuzilmani rivojlanishi va yaxshilanishiga, turistlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratilishiga, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatining oshirishiga doir keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish imkonini bermoqda. Shu bilan birga, barqaror turizmni rivojlantirishni yanada jadallashtirish mamlakatimizning turistik jozibadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan omillarni bartaraf etishni talab qiladi”, — deyiladi qonunda.

Yangi qonunga ko‘ra, ushbu huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 20 baravarigacha (3,4 million so‘mdan 6,8 million so‘mgacha) miqdorda jarima belgilandi. Apparatlarni va butlovchi qismlarni ixtiyoriy ravishda topshirish uchun javobgarlikdan ozod qilish nazarda tutilgan.

Jinoyat kodeksida ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazodan tashqari, muqobil jazo turlari joriy etilgan: jarima, axloq tuzatish ishlari va ozodlikni cheklash. Ular birinchi jarimadan keyin jinoyat sodir etganliklari uchun qo‘llanadi.

“Qonun fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari yanada ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga, shuningdek, respublikamizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi”, — deyiladi hujjatda.