Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida qiymati 10 milliard so‘mdan ziyod qalbaki kosmetika vositalarini ishlab chiqargan sex aniqlandi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”ga Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, “Yallama” chegara bojxona postida 3 mlrd so‘mdan ortiq 21 turdagi kosmetika vositalarini yashirincha olib o‘tmoqchi bo‘lgan yuk mashinasi to‘xtatib qolingan. Hujjatlarda ular kiyim ilgich, turli ehtiyot qismlar, xo‘jalik mollari kabi 13 turdagi tovar sifatida ko‘rsatilgan.

Transport vositasida aslida yuz uchun krem, loson, yuz niqobi, ifor taratuvchi suyuqliklar, surma kabi kosmetik vositalarning idish va qutilari, ularni ishlab chiqarish va qadoqlashda foydalaniladagan turli xom ashyo, yorliq va himoya qatlamlari bo‘lgan.

Shundan so‘ng, bojxona qo‘mitasining tezkor tuzilmalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tezkor tadbirlarni davom ettirgan. Natijada Bo‘ka tumanidagi omborlardan birida xorijiy brendlar nomi ostidagi kosmetika va parfyumeriya vositalarining qalbaki nusxalarini ishlab chiqaruvchi yashirin seh faoliyati fosh qilingan.

Sehda Yevropa mamlakatlari, Birlashgan Arab Amirliklari, Koreya va Xitoy kabi davlatlarning 20 dan ziyod turli mashhur brendlari nomi ostida ishlab chiqarilgan 280 ming donadan oshiq sifatsiz va qalbaki kosmetika va parfyumeriya vositalari vaqtincha saqlovga olingan. Ularning umumiy qiymati 10 mlrd so‘mdan oshmoqda.

Ma’lumot uchun, bu turdagi mahsulotlar majburiy tartibda sertifikatlanadigan tovarlar sirasiga kiradi.