Toshkent-Xiva yo‘nalishiga Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasining yuqori tezlikdagi elektropoyezdlari qo‘yiladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyevga 19-mart kuni Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va ta’mirlash zavodiga tashrifi davomida Toshkent-Xiva yo‘nalishiga qo‘yiladigan tezyurar poyezd haqida axborot berildi.

“Prezident bu haqda 2022-yilda Xorazmda Jaloliddin Manguberdi haykalining ochilish marosimida aytgan edi. Bu uchun Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasidan yuqori tezlikdagi elektropoyezd olib kelinishi mo‘ljallangan. 7 vagonga ega elektropoyezd 351 ta o‘rindiqqa ega bo‘ladi. Soatiga 250 kilometr tezlikda harakatlana oladi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2023-yil 10-oktabrdagi qarorida 2023−2026-yillarda temiryo‘l transporti sohasini isloh qilish doirasida O‘zbekiston Janubiy Koreya va Chexiyadan elektropoyezdlar xarid qilishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingan.

Qarorga ko‘ra, Transport vazirligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi oktabr oyida Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasi bilan 6 ta tezyurar elektr poyezdi xarid qilish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma imzolashi lozim edi.

Shu maqsadda noyabr oyida Koreya Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik fondi (EDCF) hisobidan 35 yil muddatga, shu jumladan, 10 yillik imtiyozli davr bilan 185 mln yevro miqdorida yillik 0,1 foizlik kredit jalb etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, hujjat bilan Transport vazirligi va O‘TYga Chexiyaning Škoda Transportation kompaniyasi bilan 30 ta elektropoyezd yetkazib berish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish topshirig‘i berilgan. Shu maqsadda Chexiya banklaridan 350 mln yevro miqdorida yillik 5,5 foiz stavkada 15 yil muddatga, jumladan, 3 yillik imtiyozli davr bilan kreditlar jalb etish rejalashtirilgan.

Barcha kreditlar O‘zbekiston nomidan va davlat kafolati ostida imzolanadi, deyiladi hujjatda.

2023-yil aprel oyida O‘zbekiston rahbariyati bilan transport sohasidagi hamkorlikni muhokama qilish chog‘ida Chexiya bosh vaziri Petr Fiala Škoda Transportation kompaniyasi 34 ta zamonaviy poyezd yetkazib berish bo‘yicha tenderda ishtirok etayotgani haqida xabar bergandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2018-yilda Hyundai kompaniyasini Toshkent va Samarqand o‘rtasida yuqori tezlikda harakatlanish tarkibini tashkil etishga jalb qilishni rejalashtirgan. Loyiha 1 mlrd dollarga baholandi. Tomonlar elektropoyezdlar yetkazib berish masalasini ham muhokama qildi, ammo yakunda “O‘zbekiston temir yo‘llari” O‘zbekiston uchun Afrosiyob poyezdlarini ishlab chiqargan Ispaniyaning Talgo kompaniyasini tanladi.

Hyundai Rotem Hyundai Motor Group tarkibiga kiradi, u 1979-yilda tashkil etilgan. O‘shandan beri u poyezdlar va tramvaylarning yetakchi yetkazib beruvchilaridan biri hisoblanadi. Kompaniyaning poyezdlari 50 dan ortiq mamlakatda, jumladan, AQSh, Yangi Zelandiya, Avstraliya va Kanadada qo‘llanadi. Markaziy Osiyoda Hyundai Rotem mahsulotlari Qozog‘iston tomonidan qo‘llanadi — kompaniya poyezdlari Olmaota metrosiga xizmat qiladi.

Škoda Transportation guruhi 1995-yilda Plzen shahrida tashkil etilgan. Temiryo‘l lokomotivlari, metro vagonlari, shahar elektr poyezdlari, shuningdek, tramvaylar, trolleybuslar, avtobuslar, dvigatellar, tortish uskunalari ishlab chiqaradi. Konglomerat temiryo‘l va jamoat transportini modernizatsiya qilish bilan ham shug‘ullanadi. Brend 14 davlat, jumladan, Polsha, Xitoy va AQSh bilan hamkorlik qiladi.

Prezident 19-mart kuni borgan zavodda 16 turdagi yo‘lovchi vagonlari ishlab chiqariladi va ta’mirlanadi. 2023-yili korxonada 32 ta yo‘lovchi vagoni tayyorlanib, 319 tasi ta’mirlangan. Kooperatsiya orqali ehtiyot qismlarning 70 foizi mahalliylashtirilgan.

Avvalgi yillarda 300 dan ziyod yo‘lovchi va texnik xizmat vagonlari ishlab chiqarilib, 50 dan oshig‘i eksportga yuborilgan. Bundan tashqari, 112 ta metropoliten vagonlari modernizatsiya qilingan.

“Ular 28 yil davomida foydalanishga mo‘ljallangan va xalqaro talablarga to‘liq javob beradi, yo‘lovchilar uchun har tomonlama qulay, yuqori sifat va xavfsizlikka ega”, — deyiladi xabarda.

Vagonlarda isitish va sovitish tizimlari, havo aylanishi yaxshilangan. Suv isitish uskunasi ham elektr energiyasida, ham ko‘mirda ishlashga mo‘ljallangan. Yo‘lovchilarni toza va salqin ichimlik suvi bilan ta’minlash, telefon quvvatini to‘ldirish uchun maxsus moslamalar o‘rnatilgan. Zavodda 619 nafar muhandis-ishchi ishlaydi.

Foto: Prezident matbuot xizmatiFoto: Prezident matbuot xizmati

Prezident tashrifi davomida vagonlarga chiqib ko‘rdi. Ularning dizaynini o‘zgartirish, yo‘lovchilarga qulayliklarni oshirish zarurligini ta’kidladi. Elektr poyezdlar tarmog‘ini kengaytirib, aholi ko‘p tumanlarga olib borish, sohaning alohida generatsiya quvvatlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

hyundai rotem, тошкент-хиva

2024-yilda yana yuzlab vagonlarni qurish va ta’mirlash rejalashtirilgan. Bundan tashqari, kon-metalurgiya korxonalari uchun maxsus vagonlar qurish, keng kupeli yangi turlarni o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan. Shu yerda prezident zavodda rejalashtirilayotgan yangi yo‘nalish — elektr va metropoliten poyezdlari loyihasini ko‘rib chiqdi.

hyundai rotem, тошкент-хиva