G‘azoning shimoliy hududlarida ocharchilik yaqin va bu 2024-yilning marti o‘rtalaridan may oyigacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida sodir bo‘lishi mumkin, deyiladi BMTning Oziq-ovqat xavfsizligi bosqichlarining integratsiyalashgan tasnifi (IPC) yangi hisobotida.

IPC shkalasiga ko‘ra, G‘azo shimolida yashovchi aholining 70 foizi (210 ming kishi) yaqin oylarda halokatli vaziyatga duch keladi (5-bosqich), qolgan 30 foizi favqulodda vaziyatda (4-bosqich).

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, anklav shimolida ommaviy ochlikning uchta chegarasidan ikkitasi allaqachon oshib ketgan — uy xo‘jaliklari uchun o‘tkir oziq-ovqat xavfsizligi darajasi va o‘tkir to‘yib ovqatlanmaslik darajasi. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, tez orada ochlik bilan bog‘liq o‘lim darajasi ham tezlashadi.

Hisobotda bir necha oy ichida G‘azo shimoli aholisini yaqinlashib kelayotgan ocharchilikka olib kelgan omillar sifatida Isroil harbiy amaliyotlarining shiddatliligi va gumanitar yordam olishdagi cheklovlar keltiriladi.

IPC qanday ishlaydi?

IPC uchun ma’lumot joylardagi gumanitar hamkorlardan keladi va oziq-ovqat xavfsizligi, ovqatlanish, o‘lim, turmush tarzi masalalarini, shuningdek, to‘yib ovqatlanmaslikni kuzatish uchun kaloriya iste’moli, odamlarning kurashish strategiyasi va bolalarda yelka atrofi o‘lchovlari bo‘yicha ma’lumotlarni qamrab oladi.

Gumanitar tashkilotlarga kirish imkoni bo‘lmagan hududlarda mobil telefonlar yordamida so‘rovlar qo‘llanadi, agar buning ham iloji bo‘lmasa, ma’lumotni sun’iy yo‘ldoshlardan olish mumkin.

Mutaxassislar aholi holatining beshta toifasini ajratib ko‘rsatadi: birinchi bosqich — ovqatlanish yoki uning yo‘qligi bilan bog‘liq minimal stress; ikkinchi bosqichda odamlar oziq-ovqat topishda qiyinchiliklarga duch keladi; uchinchi bosqich — oziq-ovqat inqirozi; to‘rtinchi bosqich — favqulodda vaziyat; beshinchi bosqich halokatli ochlik deb hisoblanadi.

Hisobotda, shuningdek, G‘azoning butun aholisi — taxminan 2,3 million kishi — “o‘tkir” oziq-ovqat tanqisligidan aziyat chekayotgani va anklavdagi deyarli barcha oilalar har kuni ovqat mahalini o‘tkazib yuborayotgani, kattalar esa bolalarni boqish uchun ovqatdan bosh tortayotgani aytiladi.

“Mart oyining o‘rtalaridan iyul o‘rtalariga qadar mojaroning kuchayishi mumkin bo‘lgan ssenariyda, jumladan, Rafahdagi quruqlikdan hujum uyushtirilgan holda, G‘azo sektori aholisining yarmi (1,11 million kishi) halokatli sharoitlarga duch keladi (5-bosqich)”, — deb ta’kidlaydi ekspertlar.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish IPC bahosiga izoh berdi. “G‘azodagi falastinliklar dahshatli darajada ochlik va azob-uqubatlarni boshdan kechirmoqda. Bu IPC tomonidan qayd etilgan halokatli ochlikka duch kelgan odamlarning eng ko‘p sonidir — har qanday joyda va istalgan vaqtda. Bu to‘laligicha texnogen falokat va hisobot uni to‘xtatish mumkinligini aniq ko‘rsatib turibdi”, — dedi u.

BMT rahbari, shuningdek, Isroil hukumatini butun G‘azo bo‘ylab gumanitar yuklarga “to‘liq va to‘siqsiz kirishni ta’minlashga” va xalqaro hamjamiyatni tashkilotning gumanitar sa’y-harakatlarini “to‘liq qo‘llab-quvvatlashga” chaqirdi.

Kuni kecha Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Isroil G‘azo sektorida ocharchilik qo‘zg‘atayotgani va ochlikdan urush quroli sifatida foydalanayotganini aytgandi. Isroil tashqi ishlar vaziri Israel Kats bunga javoban Borrelni “Isroilga hujum qilishni to‘xtatishga va HAMAS jinoyatlaridan o‘zini himoya qilish huquqini tan olishga” chaqirdi.

Katsning qo‘shimcha qilishicha, Isroil “yordam berishni istagan har bir kishi uchun G‘azoga quruqlik, havo va dengiz orqali insonparvarlik yordami yetkazilishiga” ruxsat bergan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham avvalroq CNN telekanaliga bergan intervyusida Isroil hukumati G‘azoga “qancha kerak bo‘lsa, shuncha ko‘p insonparvarlik yordami” kiritishga ruxsat berayotganini aytgandi va HAMASni talon-toroj qilishda ayblagan.

  • Mart oyi boshida Reuters agentligi Isroil va HAMAS o‘rtasida G‘azo sektorida sulh va garovga olinganlarni almashish bo‘yicha muzokaralar boshi berk ko‘chaga yetganini yozgandi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, HAMAS jangovar harakatlarni to‘liq to‘xtatish va Isroil qo‘shinlarini anklav hududidan olib chiqib ketishni talab qilmoqda. Isroil, o‘z navbatida, HAMAS “tugatilmagunicha” mojaro to‘xtamaydi, deya ta’kidlaydi.