18-mart kuni soat 10:30 atrofida Buxoro viloyati Kogon tumanida avtobus va yuk avtomobili ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati.

Qayd etilishicha, tartibga solingan chorrahada 33 yoshli haydovchi O.Sh. boshqaruvida bo‘lgan avtobus hamda 40 yoshli haydovchi M.M. boshqaruvidagi yuk avtomobili to‘qnashgan.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ma’lum qilishicha, 5-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi o‘quvchilari 2 ta avtobusda Buxoro shahridagi drama teatriga borayotgan bo‘lgan, ulardan biri YTHga uchragan.

YTH oqibatida bir nafar o‘quvchi voqea joyida vafot etgan, yana bir kishi tan jarohati olgan. 25 nafar yo‘lovchiga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. O‘quvchilar Buxoro va Kogon shaharlari hamda Kogon tumanidagi tibbiyot muassasalarida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.

avtobus ishtirokidaги йтҳ, йтҳ

O‘zini tanishtirishni istamagan, Kogon tumanidagi 5-maktabda tahsil oladigan o‘quvchining “Xabar.uz”ga ma’lum qilishicha, avtohalokat uning ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan.

“To‘g‘risi, biz istamasak-da, Buxoro viloyati drama teatriga o‘z hisobimizdan tomoshaga olib ketishayotgan edi. O‘g‘il bolalarni boshqa avtobusga, qiz bolalarni boshqa avtobusga joylashtirishdi. Bizning avtobus avtohalokatga uchragan avtobusning orqasidan ketayotgan edi. Ko‘z oldimizda shunaqa dahshatli to‘qnashuv bo‘ldiki, es-hushimizni yo‘qotayozdik. Axir u avtobusda bizning o‘g‘ilbola sinfdoshlarimiz bor edi”, — dedi o‘quvchi qiz.

Holat yuzasidan tergovoldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi YHXX xabarda.

Maktab vazirligi surishtiruv natijalariga ko‘ra voqeaga javobgar tizim mas’ullariga nisbatan o‘rnatilgan tartibda tegishli choralar qo‘llanilishini bildirdi. Shuningdek, Bosh prokuratura axborot xizmati “Gazeta.uz”ga holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.