O‘zgidromet O‘zbekistonda hafta davomida kuzatiladigan ob-havo prognozi haqida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, dushanba va seshanba kunlari respublikaning ko‘p viloyatlarida quruq va juda iliq ob-havo saqlanib turadi.

18-mart kuni Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarining ayrim joylarida, 19-mart kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati +15…+20 daraja iliq atrofida, ba’zi joylarda +22 daraja iliqqacha, janubda +25…+28 daraja iliqqacha bo‘ladi.

20−22-mart kunlari respublika hududiga nam havo kirib kelishi kutilmoqda. Respublika bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, 20−21-mart kunlari ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi, ayrim joylarda momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Havo harorati 20-martda +15…+20 daraja iliq bo‘ladi, 21−22-martda +10…+15 daraja iliqqacha asta-sekin pasayadi.

Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 7−12 m/s tezlikda esadi, 20−21-martda ba’zi joylarda 15−20 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda ba’zida 25−28 m/s gacha kuchayishi mumkin. Tog‘li hududlarda qor ko‘chishi xavfi saqlanib turadi.