Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov energiya resurslarining eng yirik ishlab chiqaruvchilaridan biri sifatida Turkmaniston ularni qardosh mamlakatlarga yetkazib berishga va yetkazib berish hajmini oshirishga tayyor ekanini ta’kidladi. Bu haqda u 12-mart kuni Ashxobodda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining Oqsoqollar kengashi yig‘ilishida gapirib o‘tdi, Berdimuhamedovning nutqini “Turkmaniston bugun” davlat axborot agentligi e’lon qildi.

Berdimuhamedov hozirgi murakkab xalqaro sharoitda turkiy davlatlarning birligi va hamjihatligi g‘oyat muhim ekanini yana bir bor ta’kidlab, tashkilotga a’zo mamlakatlar xalqlari o‘rtasidagi qardoshlik munosabatlarini mustahkamlash alohida, ustuvor ahamiyatga ega ekanini aytdi.

“Bu tushunchalar barcha qo‘shma loyiha va tashabbuslarning asosini tashkil qilishi kerak”, — dedi Turkmaniston Xalq Maslahati raisi.

“Turkiy davlatlarning yaqin va samarali hamkorligi ularning iqtisodiy yuksalishi, farovonligi va raqobatbardoshligining muhim shartidir”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Gurbanguli Berdimuhamedov energetika sohasidagi hamkorlik haqida gapirib, mamlakat global energetika bozorlarining beqaror sharoitlarida samarali, ishonchli, o‘zini o‘zi ta’minlaydigan hamkorlik modelini yaratish zarur, deb hisoblashini ta’kidladi. Bu orqali tashkilotga a’zo davlatlarning energiyaga bo‘lgan o‘sib borayotgan ehtiyojlari qondiriladi.

“Energiya resurslarining eng yirik ishlab chiqaruvchilaridan biri sifatida Turkmaniston ularni qardosh mamlakatlarga yetkazib berishga va yetkazib berish hajmini oshirishga tayyor”, — dedi u. Ayni paytda mamlakat O‘zbekiston va Qirg‘izistonga elektr energiyasi eksport qilmoqda. Bundan tashqari, Turkmaniston tabiiy gazini Sharqiy yo‘nalishga jo‘natish bo‘yicha ushbu davlatlar ishtirokida yirik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilayotgani ta’kidlandi.

“Turkmaniston tabiiy gazi va elektr energiyasini Qozog‘iston, Ozarbayjon va Turkiyaga eksport qilish uchun ham yaxshi imkoniyatga egamiz. Biz qardosh mamlakatlarga energiya xavfsizligini ta’minlashda bundan buyon ham yordam berishga tayyormiz”, — dedi mamlakat Xalq Maslahati raisi.

Qayd etilishicha, kelgusida doimiy ishlaydigan integratsiyalashgan energiya uzatish tizimini yaratish mumkin bo‘ladi. Bu jarayonda turkiy davlatlar geografik yaqinligi, resurs salohiyati va ta’minot vositalari afzalliklaridan to‘liq foydalana oladi.