16-mart kuni Buxoro viloyati IIBning ikki nafar xodimi giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishida ishtirok etganlikda gumonlanib qo‘lga olindi, deb xabar qildi IIV matbuot xizmati.

Ular huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir doirasida jinoyat sodir etgan vaqtda qo‘lga olingan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) va 25-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Eng yuqori jazo 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.

IIV matbuot xizmati xabarida quyidagicha so‘z boradi: “Bugungi kunda barcha davlat idoralari va huquqni muhofaza qilish organlarida korrupsiya ko‘rinishlariga qarshi murosasiz kurash davom etmoqda. Shu jumladan, ichki ishlar organlarida ham o‘z saflarini turli huquqbuzarliklarni sodir etishga moyil xodimlardan tozalash ishlari jadal olib borilmoqda”.

Tergov harakatlari boshlangan. Bayonotda qayd etilishicha, “Hech bir ko‘rinishdagi jinoiy qilmishlar jazosiz qolmasligini ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari davom etmoqda”.

Facebook`dagi “Halk nazorati” guruhida Buxoro viloyati IIBning ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Davron Nazarmuhamedovga yo‘llangan maxsus murojaati nusxasi e’lon qilindi, unda hibsga olingan har ikki xodim mayor lavozimida ishlashi aytilgan. Hujjatning haqiqiyligini “Gazeta.uz”ga Ichki ishlar vazirligi tasdiqladi.

Ularning birinchisi 2022-yil sentabr oyidan buyon Buxoro shahri 3-sonli IIB jinoyat qidiruv bo‘linmasi boshlig‘i (2010-yildan ichki ishlar bo‘limida xizmat qilgan), ikkinchisi 2023-yil iyul oyidan buyon Buxoro viloyati IIB tezkor-qidiruv xizmati jinoyat qidiruv boshqarmasi giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish bo‘limi katta tezkor vakili bo‘lib ishlagan (2012-yildan ichki ishlar organlarida).