Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov Samarqand shahrida bolaga nisbatan zo‘ravonlik haqida xabar berdi. U 16-mart kuni Damas avtomashinasi ichida oyoqlari zanjir orqali kishanlangan va barmoqlari orasi kesilgan bola aks etgan videoni e’lon qildi.

Huquq himoyachisiga ko‘ra, video “Bog‘ishamol” mahallasidagi “Ozod Sharq” ko‘chasida olingan.

“IIO xodimlari zo‘rovon shaxsning sobiq xodim ekanini bilgach, atrofdagilarga bu holatning zo‘rovonlik bo‘lmagani haqidagi dalolatnomaga qo‘l qo‘ydirishibdi. Huquqni muhofaza qilish organi sobiq xodimi tomonidan bandi qilingan bolakay hozirda Samarqand shahar IIB 4-bo‘limida, taqdirini bilmaymiz. Ammo bolani bandi qilgan, uni qiynagan odam uyida bemalol o‘tiribdi”, — deb yozadi u.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 138-moddasi (Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ichki ishlar organlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov jarayoni nazoratga olingan.