Prezidentning 14-mart kuni imzolangan qarori bilan Eksportni rag‘batlantirish agentligi hamda Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi negizida “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” Telegram kanalida xabar berildi.

Kompaniyaning ustav kapitalidagi davlat ulushini boshqarish funksiyasi ishonchnoma asosida Savdo-sanoat palatasiga berildi.

Endi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga ko‘maklashish (eksportoldi va eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalarini moliyalashtirish bundan mustasno) uchun davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida yuridik shaxs tashkil etmasdan ochiladigan Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Bu jamg‘arma mablag‘larini boshqarish huquqi ham “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi”ga berildi.

“O‘zbekekspertiza” AJ ustav kapitalidagi davlat ulushi va ayrim davlat ishtirokidagi korxonalarga tegishli ulushlarni Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazgan holda, ulardagi davlat ulushini boshqarish funksiyasini ishonchnoma asosida Savdo-sanoat palatasiga berildi.

Savdo-sanoat palatasining vazifalaridan biri sifatida maxsus iqtisodiy, kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalariga investorlarni jalb qilish, ularning ishtirokchilariga ko‘maklashish belgilandi.

Savdoni rivojlantirish kompaniyasi tashkil etilishi haqida 12-mart kuni prezident matbuot xizmati xabar bergandi.

Xabarda hududlarda ishlab chiqarish, sanoat zonalari va eksport masalalarini yaxlit tizimda birlashtirish maqsad qilinayotgani, 12 ta tarmoq va sanoat uyushmasini Savdo-sanoat palatasi tizimiga o‘tkazish taklif etilayotgani aytilgandi. Bu orqali loyiha tayyorlash va eksport tizimi davlatdan tadbirkorlar o‘zini o‘zi boshqaradigan tashkilotga o‘tishi, natijada ularning talab va istaklarini eshitish, muammolarini hal qilish osonlashishi, tadbirkorlarning o‘zaro hamkorligi kuchayishi ta’kidlangandi.

Shuningdek, rivojlangan mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib, sohadagi agentlik va jamg‘armalar o‘rniga Savdoni rivojlantirish kompaniyasi tashkil etilishi qayd etilgandi.

U chet eldan malakali dizayner, texnolog va marketologlarni jalb etib, milliy mahsulotlarni xalqaro talablarga moslashtirish, eksportchilarning yangi bozorlarga chiqishiga ko‘maklashish, milliy brendlarni xorijda targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi. Bu kompaniya tomonidan subsidiya, kompensatsiya va boshqa ko‘maklar tadbirkorlarning barqarorlik reytingi asosida ajratiladi. Shuningdek, barcha tumanda Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash loyiha ofislari ish boshlashi kutilmoqda.