Rossiyada prezidentlik saylovlarida ovoz berish boshlandi va jarayon uch kun — 15, 16 va 17-mart kunlari davom etadi. Bir qator hududlarda masofaviy elektron ovoz berish yo‘lga qo‘yildi.

Saylovda to‘rt nafar nomzod qatnashmoqda (alifbo tartibida):

  • “Novыye lyudi” partiyasidan Vladislav Davankov;
  • amaldagi prezident Vladimir Putin;
  • Liberal-demokratik partiyasidan Leonid Slutskiy;
  • Kommunistik partiyasidan Nikolay Xaritonov.

Putin beshinchi marta davlat rahbari lavozimiga da’vogarlik qilmoqda. U Rossiyani 2000-yildan buyon boshqarib keladi. 2020-yilda mamlakat konstitutsiyaga uning prezidentlik qilgan muddatlarini “nolga” tenglashtirish va yana ikki marta saylanishiga imkon beruvchi o‘zgartirish kiritilgandi.

Mustaqil nomzodlarga saylovda qatnashishiga ruxsat berilmadi, deya qayd etadi BBS rus xizmati. Rossiya Markaziy saylov komissiyasi jurnalist Yekaterina Duntsova va siyosatchi Boris Nadejdinni ro‘yxatga olishni rad etdi, ularning ikkalasi ham Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini tanqid qilib, urushni tugatish tarafdori bo‘lgan.

Rossiya prezidenti saylovlari anneksiya qilingan Qrimda hamda Ukrainadagi urush paytida rus armiyasi tomonidan bosib olingan Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlari hududlarida ham o‘tkazilmoqda. Ukraina Tashqi ishlar vazirligi bosib olingan hududlarda yashovchi vatandoshlarini “Rossiya prezidentining „soxta saylovlarida“ qatnashmaslikka”, xorijiy davlatlarni esa ularning natijalarini tan olmaslikka chaqirdi.

Birinchi turda saylovda g‘alaba qozonish uchun nomzod ovoz berishda qatnashgan saylovchilarning yarmidan ko‘pini qo‘lga kiritishi kerak. Saylangan prezidentning vakolat muddati olti yil bo‘ladi.