BMT Xotin-qizlar maqomi bo‘yicha komissiyasining 68-sessiyasida qatnashgan O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva BMT axborot xizmati muxbiri Nargis Shekinskayaga intervyu berdi. Unda qizlarning erta turmush qurishi haqida ham suhbatlashildi.

“Umuman olganda bu muammo nafaqat Markaziy Osiyo davlatlarida, balki dunyoning ko‘plab mamlakatlarida mavjud. Mamlakatimizda avvallari qizlar uchun nikoh yoshi 17 yosh, o‘g‘il bolalar uchun esa 18 yosh deb belgilangan edi. Ammo bir necha yil avval biz qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritib, qizlar uchun yoshni 18 yoshga oshirdik”, — dedi Tanzila Narbayeva.

“Bundan tashqari, avvalroq hokimlar va mahalliy hokimiyat organlariga muayyan sharoitlarda nikoh yoshini pasaytirishga ruxsat berilgan edi. Ammo hozir bu masala qayta ko‘rib chiqilmoqda. Eng muhimi, u nafaqat qonunchilik, balki odamlarning tafakkuri ham o‘zgarmoqda. Qizlarning ota-onasida qizlarga yaxshi ta’lim yoki kasb-hunar berish shart emas, baribir u boshqa oilaga ketadi, degan fikr bo‘lgan. Bu stereotip odamlarning tafakkurida ildiz otgan, biroq so‘nggi yillarda vaziyat o‘zgarmoqda, odamlar muvaffaqiyatli ayollarni ko‘rib, ayollarning erkaklar bilan teng mehnat qilishi va o‘qishi mumkinligi aks etgan misollarini ko‘rishmoqda”.

“Hozir o‘g‘il bolalar uchun o‘rtacha turmush qurish yoshi 26−27 yosh, qizlar uchun 23−24 yosh. Statistikaga ko‘ra, o‘sish bor. Lekin biz ayrim rivojlangan mamlakatlardagi kabi qizlar turmush qurmaslik, oila qilmaslikni istashini xohlamagan bo‘lardik. Biz 20 dan 30 gacha bo‘lgan yoshni oila qurish va farzand ko‘rish uchun eng maqbul deb hisoblaymiz. Davlatimiz esa bu yo‘nalishda ish olib bormoqda”, — dedi Senat raisi.

Avvalroq intervyuning oiladagi zo‘ravonlik haqida suhbatlashilgan qismini e’lon qilgandik.