O‘zbekiston Germaniyadan kelgan ish beruvchilarga shifoxonalar, metallurgiya va transport sohalarida ishchilar yetishmasligini to‘ldirishni taklif qilmoqda, deb xabar qildi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev va Germaniyaning Mangold Consulting Gmbh kompaniyasi prezidenti Klaus Mangold o‘zbekistonlik fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish va ularni Germaniyada talab yuqori bo‘lgan ishlarga jalb qilish masalalarini muhokama qildi.

Xususan, Germaniyadagi 1000 dan ortiq shifoxonalarga tibbiyot xodimlari yetishmayotgani va bu borada O‘zbekiston tomoni ushbu bo‘shliqni to‘ldirishga tayyorligi ta’kidlandi.

Germaniyada metallni qayta ishlash korxonalaridagi mexatronika, logistika, yuk avtomobili haydovchiligi yo‘nalishlarida ham katta talab borligi aytib o‘tildi. Tomonlar barcha kelishuvlarni tezroq hayotga tatbiq etish uchun huquqiy asoslarni ishlab chiqishga kelishib oldi, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Biroq ushbu jarayonni til bilishdagi muammolar sekinlashtirib yuborayotgani va bu borada til bo‘yicha qo‘yilgan talablarni yumshatish taklif etildi. Jumladan, nemis tili o‘quv kurslari muddatini qisqartirish zarurligi bildirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq agentlik Germaniyada o‘zbekistonliklar uchun 50 ming bo‘sh ish o‘rni mavjudligi haqida e’lon bergandi. Fuqarolar hamshiralik, haydovchilik kasblari, shuningdek, mehmonxona, restoran, turizm va boshqa sohalarda ishlashi mumkinligi aytilgan.