Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida joylardagi va respublika darajasidagi rahbarlar Sayxunoboddagi ahvolni yaxshilashga e’tibor qaratmagani, pastga tushib ishlamagani, faqat yig‘ilish o‘tkazish bilan cheklanganini tanqid qildi.

Shu sababdan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari, Sayxunobod tumani hokimi va uning birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, o‘rniga boshqa rahbarlar qo‘yildi, deya xabar berdi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Eslatib o‘tamiz, bu yig‘ilishdan 3 kun avval Sayxunobod tumanining hokimi Anvar Karimov o‘rniga Komiljon Mullajanov tuman hokimi etib tayinlangandi. Shuningdek, Abduraxim Umarov Sirdaryo viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimini egallagandi.

“Misol uchun, tumanda 2 ming 400 ta ishsiz bor, kambag‘allik darajasi — 14 foiz, mahalliy budjet tushumi 27 mlrd so‘m, xarajati 67 mlrd so‘m. Bir so‘z bilan aytganda, Sayxunobodda tadbirkorlik o‘smayapti, Yangi O‘zbekiston nafasi sezilmayapti”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, davlat rahbari nega aynan shu tumanga kelganini izohladi.

“Sayxunobod aholisi yaxshi yashashga, daromadli bo‘lishga, bolalarini o‘qitishga intilmoqda, lekin tumandagi og‘ir iqtisodiy ahvol bunga to‘sqinlik qilmoqda. Tadbirkorlik, bandlik, kambag‘allikdan chiqarishga katta-katta mablag‘lar ajratilayotganiga qaramay, Sayxunoboddagi 19 ta mahallada yashaydigan 83 ming aholini qanchasiga bu imkoniyatlar yetib boryapti, degan savol ochiq qolmoqda”, — deya qayd etdi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, bu yig‘ilish tomorqa va uy xo‘jaliklarini rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishda nafaqat Sayxunobod, balki butun mamlakat uchun tub burilish yasashi aytildi.