Madaniyat sohasini to‘liq raqamlashtirish hamda iqtisodiy manfaatdorlikni yaxshilash zarur, shundagina soha g‘oyaga ishlaydi. Bu haqda vazir Ozodbek Nazarbekov 11-mart kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanidan so‘ng OAV vakillariga bergan intervyusida so‘z yuritdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Nazarbekovning qayd etishicha, madaniyat sohasini har tomonlama: sahnani ham, teatrni ham, konsertlarni ham raqamlashtirish zarur, bu bugungi kun talabi.

“Odamlarni hayratda qoldirishning boshqa hech qanday imkoni yo‘q, [yechimi] faqat texnologiya. Ming sahnaga chiqib, ko‘zingizdan qon otilib yig‘lang bugungi jamiyatda hech kimga ta’sir qilmaydi. Faqatgina texnologiyaning kuchi bilangina hayratlantirish [mumkin]. Shu sababli meni birinchi maqsadim sohada ITni rivojlantirish. Ammo sohada mendan boshqa hech kim bu fikrda emas. Sohani mutlaqo raqamlashtirish kerak, shunda masalalar yechiladi, degan fikrdaman. Shundagina odamlar teatrga ham keladi, kino va konsertlarni ham ko‘radi”, — dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sohada iqtisodiy manfaatdorlik o‘ta past, abgor ahvolda, iqtisodiy manfaatdorlikni ham ta’minlash kerak.

“Soha xodimlariga [subsidiya asosida] uy-joy beraman desak tanqid qilyapsizlar, oyligini sal ko‘taraylik desak ham hamma tanqid qilyapti. Sohada sifatni ta’minlashda iqtisodiy manfaatdorlik ham juda katta faktor hisoblanadi. Mana shu ikkala masala butunlay yechim topsa, ana shundan keyin bu soha g‘oyaga ishlaydi, g‘oyani amalga oshira oladi”, — dedi Ozodbek Nazarbekov.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, sohada raqamlashtirish va iqtisodiy manfaatdorlik masalalarini hal qilmasdan turib, biror g‘oyani to‘la-to‘kis amalga oshirish yoki uni [ommaga] singdirish [qiyin].

Avvalroq, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov O‘zbekistonda mualliflik huquqi ishlamasligi tufayli san’atkorlar to‘ydan manfaatdor bo‘layotgani va to‘y uchun ijod qilayotganini aytib, “Mualliflar o‘z huquqini tanishi — eng katta yechim, bu sohani tezroq ishlashiga sabab bo‘ladi”, degan edi.