Qirg‘iziston O‘zbekistondan 100 dona Isuzu SAZ LE-60 yo‘lovchi avtobusi sotib oladi, deya xabar qildi O‘zbek-qirg‘iz taraqqiyot jamg‘armasi (O‘QTJ) matbuot xizmati.

13-mart kuni jamg‘arma ofisida Qirg‘izistonning O‘sh shahri hokimligi bilan lizing shartnomasi imzolandi. Jamg‘arma Samarqand avtomobil zavodi (SamAuto) tomonidan ishlab chiqarilgan past polli yo‘lovchi avtobuslarini xarid qilishni moliyalashtiradi.

Mazkur avtobuslar O‘sh jamoat transporti parkini kengaytiradi va modernizatsiya qiladi.

samauto, ўзбек-qirg‘iz taraqqiyot jamg‘armasi, ўш

Shartnoma taraqqiyot jamg‘armasi uchun ikkinchisi bo‘ldi. Fevral oyi oxirida ham O‘QTJ “Akun” YOAJ bilan SamAuto kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 10 ta o‘rtacha yuk ko‘taruvchi Isuzu yuk avtomashinasini lizingga olish bo‘yicha shartnoma imzolangan.

2023-yilning noyabr oyida Turizm qo‘mitasi va Qirg‘iziston Turizmni rivojlantirish jamg‘armasi vakillari SamAuto kompaniyasi ishlab chiqargan avtobuslarni yetkazib berish orqali O‘shdan O‘zbekiston chegarasiga qo‘shimcha reyslar tashkil etish masalasini muhokama qilgan, deb yozadi Spot.

O‘zbek-qirg‘iz taraqqiyot jamg‘armasi 2021-yilning 11-mart kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama sammit doirasida imzolangan hukumatlararo bitimga muvofiq tashkil etilgan. Jamg‘armani kengash va hay’at boshqaradi. Xususan, kengash tarkibiga Qirg‘izistondan ikki nafar va O‘zbekistondan uch nafar vakil, hay’at tarkibiga ikki nafar O‘zbekiston va uch nafar Qirg‘iziston fuqarosi kiritilgan.