Shavkat Mirziyoyev payshanba kuni Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumaniga tashrifi doirasida “Ittifoq” mahallasida bo‘lib, tomorqa va uy xo‘jaliklari bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Avvalroq “Gazeta.uz” prezidentning tashrifidan maqsad Sayxunoboddagi hududni tomorqa va uy xo‘jaligi imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish modeliga aylantirish loyihasini ishga tushirish ekanini yozgan edi. Kelgusida bu tajriba butun respublika bo‘ylab qo‘llanishi rejalashtirilgan. Davlat rahbari bilan 7-mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda tomorqa yerlarining imkoniyatlarini realizatsiya qilish oilalar uchun daromad manbalari yaratishning eng qulay va keng tarqalgan usullaridan biri ekani aytilgandi.

7-mart kuni prezident “Aholi xonadonlarida sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida yangi zaxiralarni ishga solishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzolagan edi. Hujjatda 2024-yilda 54 ta tumanda (O‘zbekistonda viloyat va respublikaga qarashli jami 208 ta tuman va shahar mavjud) eksportga mo‘ljallangan va yuqori rentabellikga ega qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish uchun namunaviy o‘quv-tajriba maydonchalari tashkil etish hamda aholining ushbu sohadagi ko‘nikma va bilim darajasini oshirish ko‘zda tutilgan.

foto, sayxunobod tumani, shavkat mirziyoyev, tomorqa

6 ming 672 nafar aholi yashaydigan “Ittifoq” mahallasidagi tomorqalarning umumiy maydoni 185 gektarni tashkil etadi.

Shavkat Mirziyoyev shu paytgacha xonadonida namunaviy tomorqalar tashkil etilgan fuqarolar bilan suhbatlashdi.

foto, sayxunobod tumani, shavkat mirziyoyev, tomorqa

Risolat G‘ulomovaning 14 sotix tomorqasida sabzi, sarimsoq, piyoz ekilib, yerning o‘ttiz foiz imkoniyatidan foydalanilgan.

Hokimlik va mutasaddi tashkilotlar ko‘magida tomorqaga olma va tok ko‘chatlari, ularning orasiga turli ko‘katlar ekilgan. Bundan tashqari, tovuq, quyon, asalari va sog‘in sigir boqish yo‘lga qo‘yilgan, deyiladi xabarda.

foto, sayxunobod tumani, shavkat mirziyoyev, tomorqa

2 sotixli maydonda yoqilg‘isiz isiydigan issiqxona ham qurilgan. Unda 30 tup limon ko‘chati, qator oralariga pomidor va qulupnay ekilgan.

“Xalqimiz o‘z hayotida sezishi uchun hamma ishlarni mahallada tashkil qilyapmiz. Endi davlat idoralarining butun imkoniyatlarini har bir ko‘chaga, xonadonga olib kiramiz”, — dedi prezident.

foto, sayxunobod tumani, shavkat mirziyoyev, tomorqa

“Mahallaga biriktirilgan bank mablag‘ berish bilan birga odamlarning dunyoqarashini ham o‘zgartiradi. Maqsadimiz xalqning daromadini oshirish, boy qilish. Albatta, oson bo‘lmaydi. Bu mashaqqatli mehnat, tinimsiz izlanish, yangi-yangi g‘oyalar degani. Lekin bajarsa bo‘ladi”, — dedi u.