Dunyoda elektromobillar (EV) atrofidagi ajiotaj asta-sekin susaymoqda, deb yozmoqda AQShning CNBC telekanali. Yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilari (Ford Motor, General Motors, Mercedes-Benz, Volkswagen, Jaguar Land Rover va Aston Martin) elektromobil ishlab chiqarish rejalarini qisqartirmoqda yoki kechiktirmoqda.

CNBC`ning ta’kidlashicha, hatto AQSh EV bozorining yetakchisi bo‘lgan Tesla ham (mamlakatdagi EV sotuvining 55 foizini tashkil qiladi) 2024-yilda o‘sish sur’atlari “sezilarli darajada past bo‘lishi mumkin"ligiga tayyorlanmoqda.

Fevral oyi oxirida Apple elektromobillar ishlab chiqarish bo‘yicha Titan loyihasini qisqartirayotgani ham ma’lum bo‘ldi. Avvalroq kompaniya 2025-yilda o‘z elektromobilini taqdim etishi haqida xabar berilgan edi.

“21 va 22 yillarda biz ko‘rgan narsa bozorda elektromobillarga talab haqiqatan ham o‘sgan vaqtinchalik chayqalish bo‘ldi, — dedi Ford elektromobillar bo‘limining bosh operatsion direktori Marin Gyadja CNBC`ga. — Talab hali ham o‘sib bormoqda, lekin biz o‘ylagandek tez emas”.

CNBC AQShni misol qilib keltirmoqda, u yerda EV`ga bo‘lgan qiziqishning birinchi to‘lqini va Tesla`ning mashhurligi oshganidan so‘ng, elektromobil sotib olish uchun kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari va ularni ishlab chiqarish uchun xomashyo narxi oshgan. Natijada EV`lar an’anaviy turlarga qaraganda ancha qimmatlashgan. Telekanal, shuningdek, elektromobillarini quvvatlantirish uchun infratuzilmaning yomonligiga ishora qilmoqda.

CNBC ma’lumotlariga ko‘ra, bozor aralash va muvozanatli — gibridlar va to‘liq elektr variantlari bilan bir qatorda gazda yuradigan avtomobillar ham mavjud taklifga qaytmoqda. “Bu hali ham butunlay elektrga bog‘langan kelajakni ko‘rsatmoqda, lekin avval kutilganidan ancha sekinroq sur’atda”, — deyiladi maqolada.

Gibrid modellar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish yoki ko‘paytirishni rejalashtirgan avtomobil ishlab chiqaruvchilari orasida AQShning Ford va GM, Germaniyaning Volkswagen, Janubiy Koreyaning Hyundai Motor va Kia, shuningdek, Yaponiyaning Toyota kompaniyalari bor.