Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudi Toshkent xalqaro aeroporti Aviatsiya xavfsizlik xizmati qo‘riqlash nazoratchilar bo‘linmasi sobiq nazoratchisi A.B.ga 2 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, A.B. ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro bilan tanishib, uning qarindoshini Aviatsiya xavfsizlik xizmatiga ishga joylashtirishga yordam berishni va’da qilgan. U o‘z xizmatlari uchun 2000 dollar so‘ragan, biroq fuqaro faqat 1800 dollar to‘lashi mumkinligini aytgan.

2023-yil 6-dekabr kuni DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida A.B. 1800 dollarni olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28-moddasi orqali 211-moddasi (pora berishda sheriklik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.