“O‘zenergoinspeksiya” va huquqni muhofaza qiluvchi organlar 2024-yilning o‘tgan davrida (yanvar-fevral) o‘tkazgan nazorat tadbirlarida 2156 ta iste’molchi tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi.

Ular 88,5 mln metr kub tabiiy gaz (132,7 mlrd so‘m) va 77,3 mln kVt⋅soat elektr energiyasidan (qariyb 83 mlrd so‘m) noqonuniy foydalangan. “O‘zenergoinspeksiya” axborot xizmatining xabar berishicha, aniqlangan holatlar natijasida davlat manfaatlariga jami 215 mlrd 648 mln so‘m zarar yetkazilgan.

Shuningdek, so‘ngi ikki oyda 42 ta holatda kripto aktiv va mayning faoliyati bo‘yicha elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan iste’molchilar aniqlandi. Elektr ta’minoti korxonasi holat bo‘yicha jami 26 mlrd 82 mln so‘m (7 mln 999 ming kVt⋅soat) miqdorni qayta hisob-kitob qildi.

Energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik bo‘yicha 1 ming 484 ta ma’muriy ish rasmiylashtirildi — 795 tasi elektr energiyasi, 689 tasi esa tabiiy gaz.

Shuningdek, xususiy avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida 22 ta holatda 131 ming litr sifatsiz neft mahsuloti aniqlanib, sotuvga chiqarilishi oldi olindi.

Inspeksiya tomonidan iste’molchilarga Davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha so‘ngi ikki oyda jami 1 ming 692 ta obyektning elektr ta’minoti loyihalari ekspertizadan o‘tkazildi. Unga ko‘ra, 979 ta iste’molchining elektr qurilmalari elektr tarmoqlariga ulandi.

Shuningdek, energetika obyektlariga tegishli 259 ta obyektning elektr ta’minoti loyihalari kelishilib, shundan 189 ta obyektning elektr qurilmasi ishga tayyorligi bo‘yicha xulosalar berildi.