AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden va mamlakatning sobiq rahbari Donald Tramp Demokratlar va Respublikachilar partiyalaridan prezidentlikka nomzod sifatida rasman ko‘rsatilishi uchun praymerizda yetarli miqdordagi delegatlarni to‘pladi, deb xabar bermoqda Reuters.

12-mart kuni Jorjiya, Missisipi va Vashington shtatlarida bo‘lib o‘tgan har ikki partiyaning praymerizlarida Bayden va Tramp umumiy sonning 50 foizidan ortiq bo‘lgan partiya delegatlarini to‘pladi.

Kokuslar va praymerizlar nima?

An’anaga ko‘ra, Respublikachilar va Demokratlar partiyalaridan prezidentlikka nomzodlar uchun saylovlar ikki shaklda — kokus va praymeriz shaklida o‘tkaziladi. Birinchisi — partiya a’zolari tashabbusi bilan o‘tkaziladigan norasmiy uchrashuvlar. Praymerizlar esa davlat organlari tomonidan tashkil etiladi.

Praymerizlar va kokuslar har bir shtatdan yoz oylarida har ikki partiya o‘tkazadigan milliy qurultoylarda nomzodga ovoz beradigan partiya delegatlari sonini belgilaydi. Nomzodlikni qo‘lga kiritish uchun nomzod o‘z partiyasi delegatlari yarmidan ko‘pining ovozini olishi kerak.

Respublikachilar jami 2500 ga yaqin delegatga ega va nomzodga g‘alaba qozonish uchun 1215 delegat kerak. Demokratlar 3900 ga yaqin delegatga ega, g‘alaba qozonish uchun 1968 delegat kerak.

Shu tariqa 2024-yilgi saylovlarda to‘rt yil oldingi holat takrorlanadi, o‘shanda ham AQSh rahbari lavozimi uchun Bayden va Tramp kurashgandi. Bu qariyb 70 yil ichida AQSh prezidentlik saylovlaridagi birinchi revansh bo‘ladi, deb yozdi The New York Times.

Nashrning qayd etishicha, siyosatchilar bu voqeani uzoq kutgan: Bayden Demokratlar partiyasida jiddiy raqobatga duch kelmadi, chunki amaldagi prezident nomzodini ilgari surish odatiy hol, Tramp esa Respublikachilar partiyasining dominant favoriti edi.

Nomzodlik uchun Trampning yagona raqibi bo‘lgan Nikki Heyli mart oyi boshida yetarli delegat qo‘lga kirita olmay, praymerizlarda qator muvaffaqiyatsizliklarga uchragach, prezidentlik poygasini tark etgan edi.