“Ochiq budjet” portali ishida ayrim texnik nosozliklar kuzatilayotgani sababli portal faoliyatida uzilishlar kuzatildi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi nosozliklarni to‘liq bartaraf etish maqsadida ovoz berish jarayonlari vaqtincha to‘xtatilishini ma’lum qildi.

Ovoz berish jarayoni 16-mart kuni soat 00:00 dan boshlab davom ettiriladi. Ayni vaqtda mutaxassislar tomonidan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilayotgani aytilgan.

Vazirlik yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘rab, tizim faoliyatiga oid qo‘shimcha savollar yuzasidan quyidagi raqamga murojaat qilish mumkinligini eslatgan: +998 71 203 50 50 (ichki raqam — 01323, 01327).

Eslatib o‘tamiz, “Ochiq budjet” portalida tashabbusli budjetlashtirish loyihalari bo‘yicha ovoz berish bosqichi bugun — 13-mart kuni start olgandi. Ovoz berish 4-aprel soat 23:59 gacha davom etadi.

2024-yilning birinchi mavsumi doirasida fuqarolar tomonidan ilgari surilgan loyihalarni moliyalashtirishga qariyb 3,02 trillion so‘m yo‘naltirilishi kutilmoqda. “Ochiq budjet” portali ma’lumotlariga ko‘ra, 9443 ta mahalla fuqarolar yig‘inidan 35 575 ta tashabbus kelib tushgan bo‘lib, shundan 28 919 tasi ma’qullangan.

Joriy mavsumdan boshlab ovoz berish jarayoniga “Bir fuqaro, bir ovoz” tamoyili joriy etilmoqda. Maqsad — ovoz yig‘ish uchun ommaviy ravishda SIM-karta xarid qilish bilan bog‘liq holatlarning oldini olish.

Avvalroq 2024-yildan boshlab “Ochiq budjet” portali orqali fuqarolar umumxalq bog‘lari va parklari yaratish bo‘yicha 250 million so‘mgacha bo‘lgan tashabbuslarni ilgari surishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

“Gazeta.uz” loyiha odamlarni umumiy tashabbuslar atrofida birlashtirish va fuqarolik faolligini rivojlantirishda qanday yordam berayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi sobiq doimiy vakili Matilda Dimovska “Gazeta.uz”dagi maqolasida tashabbusli budjetlashtirish fuqarolarda muammolarni hal qilish va hayot sifatini yaxshilashda aloqadorlik hissini kuchaytiradi, deb yozgandi.