So‘nggi 24 soat ichida kamida to‘qqizta Rossiya hududi dronlar tomonidan hujumga uchradi. Dron hujumi 12-martga o‘tar kechasi boshlandi va kun bo‘yi davom etdi.

Bugun ertalab Rossiya Mudofaa vazirligi yettita hudud: Moskva, Leningrad, Belgorod, Kursk, Bryansk, Tula va Orlovda 25 ta “samolyot tipidagi” dronlar yo‘q qilingani va tutib olingani haqida ma’lum qildi.

Yana ikki hudud — Nijegorod va Voronej viloyatlari gubernatorlari ham dron hujumlari haqida xabar berdi, deb yozdi Bi-bi-si rus xizmati. U yerlarda yoqilg‘i quyish inshootlari shikastlangan.

Orlovdagi neft omborida dron qulashi oqibatida yong‘in sodir bo‘lgan. Uning maydoni 100 kv.m. Rasmiylar yaqin atrofdagi uylardan 17 kishini evakuatsiya qilgan.

Rus OAV xabarlariga ko‘ra, Nijegorod viloyati Kstovo shahridagi “Lukoyl” zavodi hududiga dronlar qulagan, shundan so‘ng neftni qayta ishlash zavodidagi tizimlardan birida yong‘in chiqqan. Reuters`ning aniqlashicha, gap butun zavod faoliyatining kamida yarmini ta’minlaydigan tizim haqida ketmoqda.

Belgorodda dron shahar ma’muriyati binosiga borib urilgan, ikki kishi jarohatlangan. Yana bir dron shahar vokzali yaqinidagi savdo markazi tomiga qulagan, qurbonlar yo‘q.

Ukraina rasmiylari Rossiya tomonining bayonotlariga hozircha izoh bermadi.

12-mart kuni ertalab rossiyaliklardan tashkil topgan harbiy qismlar Belgorod va Kursk viloyatlari orqali Rossiya hududiga kirishga uringani haqida ham xabarlar paydo bo‘ldi, deb yozdi “Agentstvo” Rossiya harbiy kanallariga tayanib. Operatsiya davomida zirhli texnikalar qo‘llangan. Chegarani kesib o‘tishda “Rossiya erkinligi” legioni, “Sibir bataloni” va Rossiya ko‘ngillilar korpusi ishtirok etgani haqida xabar berildi.

Rossiya Mudofaa vazirligi ushbu ikki hududda mamlakat chegarasini buzib o‘tishga urinishlar bo‘lganini ma’lum qildi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, taxminan soat 03:00 da Belgorod viloyatida uch yo‘nalishda, ertalab soat 8.00 dan keyin esa Kursk viloyati hududiga bostirib kirishga uringan guruhlarning yana to‘rtta hujumi qaytarilgan. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati, o‘z navbatida, 100 dan ortiq diversant o‘ldirilgani, oltita tank va 20 zirhli texnika yo‘q qilinganini da’vo qilmoqda.

Bu diversantlarning so‘nggi vaqtlardagi Rossiya hududiga kirishga bo‘lgan eng sezilarli urinishi bo‘ldi. Hujum birinchi marta 2023-yil may oyida Belgorod viloyatida sodir bo‘lgandi.

Dron hujumida bo‘lgani kabi, Ukraina bu xabarlarga ham izoh bermadi. Ukraina razvedkasi faqatgina ushbu qurolli tuzilmalar “mustaqil bo‘linmalar sifatida harakat qilishi, chunki ular Rossiya Federatsiyasi fuqarolaridan iborat” ekanini ta’kidladi.