Chet el qo‘shiqchilarining O‘zbekistonda bo‘ladigan konsertlariga Madaniyat vazirligining aloqasi yo‘q, bu xususiy tadbirkorlar tomonidan tashkillashtiriladi. Bu haqda 11-mart kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida vazir Ozodbek Nazarbekov ta’kidladi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Tadbirda jurnalistlar tomonidan vazir Ozodbek Nazarbekovga oxirgi yillarda rossiyalik ko‘plab qo‘shiqchilar Toshkentda konsert berish taklifini bildirgani, ammo buni jamoatchilik faollari qo‘llab-quvvatlamagani va konsertlar o‘tkazilmay qoldirilgani, O‘zbekistonda konsert namoyish etish istagidagi rossiyalik san’atkorlar soni ko‘payib borayotgani haqida gapirildi. Shuningdek, yaqin yillar ichida qancha xorijlik san’atkor Toshkentda konsert o‘tkazgani haqida statistik ma’lumotlar so‘raldi.

Madaniyat vazirining qayd etishicha, poytaxtda konsert berishni istagan xorijlik qo‘shiqchilar to‘g‘risida vazirlikda statistika yuritilmaydi.

“Biz ham xuddi sizdek qaysi xonanda qachon va qayerda konsert berishini reklamalar orqali ko‘rib bilamiz. Sababi konsertni biz emas, tadbirkor tashkil etadi. Xususiy tadbirkorlarda hozir chet eldan xonandalar olib kelish, ruxsat olish va konsert tashkillashtirish imkoniyati bor. Vazirlik boshqa davlat ijodkorlarini xalqaro festivallar yoki madaniyat kunlariga taklif qiladi xolos. Lekin tijorat maqsadida amalga oshirilayotgan konsertlar tadbirkorlar tomonidan qilinadi”, — dedi u.

Nazarbekov nafaqat rossiyalik, balki boshqa davlat qo‘shiqchilari ham tadbirkorlar orqali Toshkentga bemalol kelib, konsert berib ketishlari mumkinligini aytdi.

“Bugungi kunda Rossiya san’atkorlari uchun qaysidir ma’noda dunyoda maydonlar qisqarib ketdi. Tabiiyki ular hozir o‘zlari uchun bo‘sh maydon, ya’ni qayergadir borish imkoni bo‘lgan yoki aholi qabul qiladigan maydonlarni qidirishga mahkum. Rossiyalik san’atkorlar tadbirkorlar orqali [O‘zbekistonga ham] kelib, bemalol konsert berib ketishlari mumkin. Nafaqat Rossiya, balki boshqa mamlakatlar san’atkorlari ham”, — dedi Madaniyat vaziri.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil iyulida Madaniyat vaziri o‘rinbosari Bahodir Ahmedov “urush borasida neytral pozitsiyada ekanini bildirgan O‘zbekiston hukumati nega Z-artistlarning Toshkentdagi konserti masalasida neytrallik ko‘rsatmayotgani” haqidagi savolga izoh bergandi. U mamlakatda san’atga hech qanday to‘siq yo‘qligini aytib, “Kelyapti, san’atini namoyish qilyapti, ketyapti”, — degan edi.