Surxondaryo viloyati Angor tumani hokimi Qosim Mardonov “Ayollar daftari” mablag‘laridan Captiva 5 avtomashinasini sotib oldi. Bunga Telegram`dagi “Revizor” kanali e’tibor qaratdi. Holat Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘rganilmoqda.

Qayd etilishicha, hokimlik balansida bo‘lgan 2018-yilda ishlab chiqarilgan Captiva (raqami 75 026 DAV) avtomobili 2022-yilning noyabr oyida YTHga uchragan va shu sababdan yaroqsiz holga kelgani ma’lum qilingan. Avtomobil 2023-yilning mart oyida auksionda 120 million so‘mga sotilgan.

2024-yilning fevral oyida hokim yangi avtomobil sotib olish uchun 349 mln so‘m ajratish to‘g‘risidagi qaror imzolagan. Mazkur qaror asosida tuman hokimligi tomonidan 349,9 mln so‘mga Captiva 5 avtomashinasi xarid qilingan. Shu bilan birga, tuman va shaharlar hokimlari uchun xizmat avtomobilining maksimal qiymati BHMning 1000 baravari (340 mln so‘m) etib belgilangan.

Mazkur davlat xaridi manbai sifatida “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ko‘rsatilgan. Shuningdek, tuman hokimligining Majburiy ijro byurosi organlaridagi umumiy qarzdorligi 1,4 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Anhor.uz amaldorlarining xizmat avtomashinalari narxidan oshib ketgan boshqa holatlar haqida ham xabar berdi.

Xususan, 2023-yilning aprel oyida Bank-moliya akademiyasi prorektori D.Mo‘minov uchun 419 mln so‘mga Malibu 2 rusumli avtomobil sotib olingan.

Shuningdek, Qo‘ng‘irot tumani hokimligi 2022-yilning fevral oyida 398 mln so‘mga Traiblazer LTZ-AT rusumli avtomashina harid qilgan.

2022-yilning mart oyida esa Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan har biri 405,9 mln so‘mdan uchta Malibu 2 xarid qilingan. Umumiy xarid summasi 1,2 milliard so‘mni tashkil etgan.