Komiljon Mullajanov Xusan o‘g‘li Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanining hokimi etib tayinlandi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Komiljon Mullajanov 1990-yilda Sayxunobod tumanida tug‘ilgan. 2012-yil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2017-yil Bank-moliya akademiyasini tamomlagan.

U faoliyati davomida “O‘zsanoatqurilishbank” ochiq aksiyadorlik tijorat banki bosh mutaxassisi, bo‘limi boshlig‘i, bankning Sirdaryo mintaqaviy filiali boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

Tayinlovga qadar “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki Sirdaryo viloyati mintaqaviy filiali boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib kelayotgandi.

Mullajanov mazkur lavozimda 2023-yilning noyabrida tayinlangan, avval qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari bo‘lgan Anvar Karimov o‘rnini egalladi. Anvar Karimov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, Abduraxim Abdulxamidovich Umarov Sirdaryo viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.

birinchi ўринбосар, сайхунобод, тайинлов, туман hokimi

Abduraxim Umarov 1985-yilda Sayxunobod tumanida tug‘ilgan. 2008-yil Guliston davlat universitetini tamomlagan. Mehnat faoliyati davomida Aksiyadorlik tijorat Xalq banki Sirdaryo viloyati filialida turli mas’ul lavozimlarda, mazkur tayinlovga qadar esa filial boshlig‘i sifatida ishlab kelayotgandi.

U mazkur lavozimda 2023-yilning aprelida tayinlangan, hozirda boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan ozod etilgan Raximjon Boboyevning o‘rnini egalladi.