O‘zbekistonlik diplomatlar va Buyuk Britaniya biznes va savdo vazirligi boshqarmasi boshlig‘i Luis Kolvell o‘rtasidagi muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zoligi va eksport hajmini oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi, deb xabar berdi “Dunyo” AA.

Suhbat davomida Britaniya tomoniga 26−29-fevral kunlari Abu-Dabi shahrida bo‘lib o‘tgan JSTga a’zo davlatlar vazirlarining 13-uchrashuvi doirasida uch davlat — Yaponiya, Isroil va Dominikan Respublikasi bilan bozorga kirish protokollari imzolangani, shuningdek, Tailand bilan muzokaralar yakunlangani haqida axborot berildi.

Britaniya tomoni O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish yo‘lidagi qadamlarini olqishlab, bu yo‘nalishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va muzokaralar olib borishga tayyorligini bildirdi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston eksportini oshirish maqsadida mamlakat tadbirkorlari va britaniyalik ekspertlar ishtirokida vebinar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023-yilning aprel oyida mamlakat eksportini ikki barobarga oshirish strategiyasi doirasida JSTga albatta kirishi kerakligini aytgan edi. Ushbu tashkilotga a’zo bo‘lish O‘zbekistonning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir, degandi u.

O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish tashabbusini 1994-yilda boshlagan, biroq 2005-yilda bu jarayonni to‘xtatgan. 2020-yilda tashkilotga qo‘shilish bo‘yicha ishlar qayta tiklandi va ishchi guruh bilan birinchi uchrashuv o‘tkazildi.