Gazli Gas Storage “Ommaviy axborot vositalarining kompaniyaning yashirin ishtirokchilari haqidagi asossiz va tuhmatli bayonotlari”ga javoban bayonot berdi.

Avvalroq “Gazeta.uz” Rossiyaning “Forus” kompaniyasi O‘zbekistondagi eng yirik gaz ombori “Gazli”ni boshqaradigan Gazli Gas Storage qo‘shma korxonasining nazorat ulushini (60 foiz) Gonkongdagi Daxon Holdings kompaniyasiga o‘tkazgani haqida xabar bergandi. Tahririyat Internetda Daxon Holdings haqida deyarli hech qanday ma’lumot yo‘qligini qayd etgandi.

2023-yil avgust oyida “Dose” markazi “Forus”ning egalaridan biri biznesmen Gennadiy Timchenkoning biznes sherigi Ivan Yegorov bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergandi (2022-yil mart oyida u Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga uchragandi, OAV (shu jumladan Forbes) uni “Rossiya prezidenti Vladimir Putinning do‘sti” deb atagandi). Jurnalistlar gaz konini rivojlantirish loyihasi quyidagi tarzda moliyalashtirishi mumkinligini taxmin qilishgandi: Gazli Gas Storage pulni “Forus”dan, “Forus” Yegorovdan, Yegorov esa Timchenkoga yaqin tuzilmalar tomonidan moliyalashtiriladigan “Vesta” kompaniyasidan oladi.

Yaqinda “Ozodlik” radiosi korporativ hujjatlarga tayanib, Daxon Holdings`ga uchta kompaniyaga egalik qilishi haqida xabar berdi: Kenfame Limited (ta’sischisi Ivan Yegorov, u o‘z ulushini o‘zbekistonlik tadbirkor Baxtiyor Fazilovga o‘tkazgani aytilmoqda), Denmount Limited (ta’sischisi Baxtiyor Fazilov ekani aytilmoqda) va Sunworth Limited (ta’sischisi — Sanjar Samiyev, Baxtiyor Fazilovning Eriell kompaniyasida ishlagan).

Gazli Gas Storage bunga javoban 2023-yil oktabr oyida avval “Forus”ga tegishli bo‘lgan ulush Gonkongda ro‘yxatdan o‘tgan Daxon Holdings Limited kompaniyasiga o‘tishini nazarda tutuvchi korporativ restrukturizatsiya yakuniga yetganini xabar qildi.

“Baxtiyor Fazilov restrukturizatsiyadan keyin ham, avval bo‘lgani kabi asosiy benefitsiar bo‘lib qolmoqda. „Gazli Gas Storage“ MCHJ hech qachon sanksiyalar ostidagi shaxslarga tegishli bo‘lmagan”, — deyiladi xabarda.

Gonkongga relokatsiya to‘g‘risidagi qaror “biznesning katta hajmi xitoylik kompaniyalar bilan ekani tufayli” qabul qilindi, dedi kompaniya.

“Gonkongda yuridik ro‘yxatdan o‘tish hisob-kitoblarni amalga oshirish va qo‘shimcha moliyalashtirishni jalb etish, biznesni keyinchalik rivojlantirish uchun uskunalar sotib olishni osonlashtiradi. Bundan tashqari, qayta tashkil etish egalik tuzilmasini soddalashtiradi hamda uni xalqaro investorlar va kontragentlar uchun shaffof va maqbul qiladi”, — deyiladi bayonotda.

Gazli Gas Storage “Gazli” omborining operatori sifatida hozirda gaz saqlash hajmini uch barobarga — 3 mrlddan 10 mlrd kub metrgacha oshirish ustida ishlamoqda.

— Xorijiy investorlarning 310 mln dollarlik sarmoyasi allaqachon o‘z samarasini berdi: gaz omborining sig‘imi 50 foizga oshirilib, 4,5 mlrd kub metrga yetdi. Dastlabki uch yilda neft qazib olish bazaviy rejaga nisbatan 25−30 foizga ortdi, natijada 47 ming tonna neft qazib olindi, gaz qazib olish esa 550 mln kub metrga yetdi, bu esa o‘z navbatida O‘zbekiston ichki bozorini to‘ldirishga xizmat qilmoqda. Loyiha shuningdek, bandlik imkoniyatlarini kengaytirdi, shu kunga qadar 200 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi va yana 100 ta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan", — deyiladi xabarda.

Bayonotda aytilishicha, Gazli Gas Storage kompaniyasining asosiy vazifasi “Gazli” konining gaz gorizontlari va neft qatlamlarini qo‘shimcha qidirish va qo‘shimcha ishlab chiqish bilan kompleks ravishda kon majmuasidagi yer osti gaz ombori gaz saqlash hajmlarini oshirishdan iborat.

Shuningdek, kompaniya o‘z rahbarlarining ro‘yxatini taqdim etdi: Bosh direktor — Otabek Akbaraliyevich Jabriyev, bosh direktorning birinchi o‘rinbosari va bosh muhandis — Maxamatxoja Xabibullayevich Saydazimov va bosh direktorning moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari — Irina Anatolevna Bratuxina.