1-apreldan issiqlik ta’minoti xizmatlariga qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol stavkasi bekor qilinadi, deb eslatdi Veolia Energy Tashkent matbuot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, shu kundan boshlab suv ta’minoti, kanalizatsiya va sanitariya jihatdan tozalash xizmatlari uchun ham QQSning “nol” darajali stavkasini qo‘llash bekor qilinadi. Bu o‘zgartirishlar yil boshida Soliq kodeksiga kiritilgan edi.

Bu nima degani?

1-apreldan issiqlik va issiq suv ta’minoti xizmatlari uchun haq to‘lashda belgilangan tarifga 12 foiz QQS qo‘shiladi. Ilgari ushbu xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha aylanmada QQSning nol stavkasi qo‘llanardi.

QQS qayerga ketadi?

QQS davlat budjetiga tushadi, u issiqlik tarifining bir qismi hisoblanmaydi.

QQS avans (oldindan) to‘lovlariga ta’sir qiladimi?

Ta’sir qiladi, lekin faqat 2024-yil 1-apreldan boshlab. Hozirgi holatda tarif qayta hisob-kitob qilinmaydi. QQS soliq hisoblanadi, tarifning bir qismi emas, shuning uchun 1-apreldan boshlab isitish xizmatlari uchun barcha to‘lovlar QQS bilan to‘lanadi.

Issiqlik energiyasini sotishda QQSni hisoblash Soliq kodeksining 242 va 265-moddalariga muvofiq amalga oshiriladi.

Soliq qo‘mitasi QQSning nol stavkasi bekor qilinishining tarifga ta’sirini tushuntiruvchi videorolik e’lon qildi.

Video