Yevropa iqlim xizmati Copernicus hisobotiga ko‘ra, 2024-yilning fevral oyi meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng issiq fevral bo‘ldi.

Fevral oyidagi o‘rtacha harorat 13,54 darajani tashkil etgan, bu 1991−2020-yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 0,81 darajaga yuqori hisoblanadi. Bu natija, shuningdek, 2016-yilning fevrali — bundan avvalgi rekordga nisbatan ham 0,12 darajaga ko‘p.

Sinoptiklarning ta’kidlashicha, fevral oyining birinchi yarmida o‘rtacha kunlik global harorat juda yuqori bo‘lgan. 8−11-fevral oralig‘ida ko‘rsatkichlar 1850−1900-yillardagi sanoatgacha bo‘lgan holatdan 2 daraja yuqori bo‘lgan.

Copernicus`ning ta’kidlashicha, o‘tgan fevral oyi, shuningdek, havo harorati ob-havo rekordlaridan oshib ketgan ketma-ket to‘qqizinchi oy bo‘lgan.

Fevral oyida Yevropa bo‘ylab o‘rtacha harorat odatdagidan 3,3 daraja yuqori bo‘lgan. Bundan tashqari, Sibir mintaqalari, Shimoliy Amerikaning bir qismi, Janubiy Amerikaning katta qismi, Afrika va g‘arbiy Avstraliyada ob-havo iliqroq bo‘lgan.

“Fevral so‘nggi bir necha oy ichida kuzatilayotgan ketma-ket rekordlar qatoriga qo‘shildi. Bu qanchalik ajoyib ko‘rinmasin, aslida ajablanarli emas, chunki iqlim tizimining doimiy isishi muqarrar ravishda yangi ekstremal haroratlarga olib keladi. Iqlim atmosferadagi issiqxona gazlarining haqiqiy konsentratsiyasiga javob beradi, shuning uchun uni barqarorlashtira olmasak, muqarrar ravishda yangi global harorat rekordlari va ularning oqibatlariga duch kelishda davom etamiz”, — dedi Copernicus direktori Karlo Buentempo.

Sinoptiklarning ma’lumotlariga ko‘ra, 2023/2024-yilgi qish mavsumida (dekabr-yanvar-fevral) yog‘ingarchilik dunyoning bir qator mintaqalarida o‘rtacha darajadan yuqori bo‘lgan. Ular orasida Markaziy Osiyo, Xitoy, Yaponiya, Pokiston va boshqalar bor.

  • Bir kun avval O‘zgidromet joriy qishda O‘zbekistonda o‘rtacha havo harorati me’yordan 1,5−2,6 daraja yuqori bo‘lganini ma’lum qilgan edi. Yanvar oyi “manfiy anomaliya"ga asosiy hissani qo‘shgan, fevral esa eng qorli oy bo‘lgan.
  • 2024-yilning yanvari ham dunyo bo‘ylab mazkur oy uchun rekord darajada issiq kechgandi. Bu oyda o‘rtacha global harorat 13,14 darajani tashkil etgan.