Buxoroning tarixiy qismi bilan chegaradosh hududda “Boqiy Buxoro” madaniy-etnografik parki loyihasini amalga oshirish boshlandi. Yangi majmuani barpo etish uchun Buxoro markazidagi 32,6 gektar maydonda 29 ta obyekt, jumladan, viloyat va shahar hokimliklari binolari, viloyat prokuraturasi, Majburiy ijro byurosi, o‘rta ta’lim va musiqa maktablari ma’muriy va ijtimoiy inshootlar buzilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda “Buxoro Arena” stadioni, shahar hokimligi binosi, musiqa maktabi va boshqa bir qator obyektlar qisman buzib bo‘lingan. “Gazeta.uz” muxbirlari Buxoroga safar qilib, buzish ishlari olib borilayotgan obyektlarda bo‘ldi va viloyat bosh arxitektori Zuhriddin Muhiddinovдан bir qator savollarga javob oldi.

- “Boqiy Buxoro” sayyohlik majmuasi nima uchun aynan shahar markaziga qurilmoqda? Xuddi Samarqanddagi turistik markaz singari shahardan tashqarida qursa bo‘lmasmidi?

— Oxirgi yillarda turizm sohasining rivojlanishi natijasida Buxoroga keladigan mahalliy va xorijlik turistlar oqimi ko‘paydi. Eski shahar hududida yashovchi aholiga qulay sharoit yaratish hamda shahardagi yuklamalar hajmini qisqartirish maqsadida “Boqiy Buxoro” madaniy-etnografik parkini qurishga qaror qilindi. Bo‘lajak majmua hududi bo‘yicha bosh rejani ishlab chiqish jarayonida turli variantlar muhokama va tahlil qilindi. Oxiri Eski shaharning bufer qismida joylashgan 32 gektarlik maydon tanlandi. Chunki bu yerda bir qancha ma’muriy binolar: viloyat va shahar hokimliklari, moliya boshqarmasi, xalq qabulxonasi viloyat bo‘limi kabi tashkilotlarning binolari hamda markaziy o‘yingohning joylashganligi shu hududda o‘ziga yarasha muammolarni keltirib chiqarayotgan edi.

Ushbu ma’muriy markazga tashrif buyuradigan viloyatning barcha tumanlaridagi aholi shaharning Shimoliy qismidan Janubiy qismiga o‘tishda faqat Islom Karimov ko‘chasi orqali kelar edi. Bu esa noqulayliklar va transport harakatida tirbandliklarni hosil qilardi. Shu bois ham “Boqiy Buxoro” loyihasini shahar markaziga qurish orqali bu kabi muammolarga yechim topishga qaror qilindi.

buxoro turistik markazi, buxoro viloyati

Buxoro viloyati bosh arxitektori Zuhriddin Muhiddinov. Foto: “Gazeta.uz”.

— Bu yerda faoliyat yuritgan ma’muriy binolarning, stadion va xotira maydonining keyingi taqdiri nima bo‘ladi?

— Ma'muriy binolarning bir qismi hozirgi paytda qurilishi davom etayotgan “Buxoro siti"ga ko‘chirilishi belgilandi. Viloyat va shahar hokimliklari hamda viloyat prokuraturasi binolarini o‘sha yerga joylashtirish bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi.

Islom Karimov ko‘chasi yoqasida 5 gektar maydondan iborat sayilgoh mavjud. Hozirgi kunda xotira maydonini o‘sha hududda qurish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilmoqda. U yerda katta rekonstruksiya ishlari amalga oshirilgach, Motamsaro ona haykali ham o‘rnatiladi. Musiqa maktabi esa “Buxoro siti” majmuasi hududida musiqa va san’at maktabi sifatida quriladi. Loyiha ishlab chiqilib, bosh rejaga kiritildi.

— 2002-yilda 22 ming 700 tomoshabinga mo‘ljallab qurilgan “Buxoro arena” sport majmuasi va futbol stadioni ham buzilmoqda. Stadionni saqlab qolsa bo‘lmasmidi?

— Markaziy o‘yingoh ham o‘ziga yarasha noqulayliklarni tug‘dirar edi. Qandaydir davlat tadbiri yoki futbol musobaqasi o‘tkazilganda 2−3 ta ko‘chalar yopilardi va bu ham transport harakatida tirbandliklarni keltirib chiqarardi. Buxoro shahrining Janubiy qismida 50 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston bog‘i” massivini tashkil qilyapmiz. Hozirgi kunda loyiha jarayoni yakuniga yetib qoldi. O‘sha hududning 18 gektar qismida markaziy o‘yingohni joylashtirish rejalashtirildi va bugungi kunda loyiha ishlari amalga oshirilyapti.

— Viloyat hokimligi binosi ham buziladimi yoki u saqlab qolinadimi? Mahalliy va xalqaro arxitektorlar jamoasi binoni saqlab qolish kerakligini aytmoqda. Bunga javobingiz qanday?

— Biz binoni saqlab qolish bo‘yicha ishlar olib bordik. Loyihachilar va turizm sohasidagi ekspertlar bilan birgalikda binoning loyihaviy yechimi o‘rganib chiqildi. Bu esa yangidan quriladigan yoki xalqaro talablarga javob beradigan brend mehmonxonalar standartlari talablariga javob bermasligi xulosa qilindi. Shundan keyin binoning o‘rniga yangi zamonaviy mehmonxona qurilishi o‘zini iqtisodiy jihatdan oqlashi to‘g‘risida xulosaga kelindi.

— Hokimlik YUNESKO xulosasini olgandan keyingina yakuniy qaror qabul qilib, buzilish va qurilish ishlarini boshlashini bildirgan edi. Ammo shahar hokimligi, musiqa maktabi va stadionni buzish ishlari qizg‘in davom etmoqda. YUNESKO bilan kelishilib, ularning xulosasi olindimi?

— Bugungi kunda YUNESKO ekspertlari tashrif buyurgan va ular bilan birgalikda loyiha yechimlari bo‘yicha kelishish ishlari olib borilmoqda.

— Binolar buziladigan hududdagi daraxtlar taqdiri nima bo‘ladi? O‘zi jami qancha daraxt mavjud?

— Yuqorida aytib o‘tganimdek, loyiha konsepsiyasi bo‘yicha umumiy hudud 33 gektarga yaqinni tashkil etadi. Shundan 7 gektariga binolar quriladi, qolgan qismi esa yashil hududlar, gulzorlar, yo‘laklar va sport maydonlaridan iborat bo‘ladi. Loyiha smetasiga ko‘ra, ko‘kalamzorlashtirish ishlari uchun 3 mln dollar mablag‘ ajratilgan.

— “Boqiy Buxoro” parki loyihasida qanday obyektlar qurish rejalashtirilgan? Shu haqda ham ma’lumot bersangiz?

— Majmua loyihasiga ko‘ra, chet ellik mehmonlar, mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida ko‘plab obyektlar quriladi. Masalan, 4 ta besh yulduzli xalqaro brend mehmonxonalar, sayilgohlar, sport maydonlari, ochiq va yopiq restoranlar bunyod etiladi. Har yili Buxoro shahrida “Ipak va ziravorlar”, “Zargarlik va zardo‘zlik” o‘nga yaqin xalqaro festivallar va anjumanlar tashkil etiladi. Bu kabi yirik tadbirlarni o‘tkazish uchun bitta katta bino qurish ham rejalashtirilgan.

“Boqiy Buxoro” parki loyihasiga oid suratlar

Shuningdek, majmua markazida Eski shahar qiyofasiga mos ravishda Labi hovuz majmuasi andoza qilib olindi, ya’ni katta bir hovuz va uning atrofida hunarmandlar rastalari, ustaxonalar, kafelar, do‘konlar quriladi.

— Mas'ullar tomonidan “Boqiy Buxoro” sayyohlik markazi asosan turistlarni jalb qilish maqsadida qurilayotgani aytilmoqda. Ammo jamoatchilik “xorijlik turistlarni sun’iy maketli park yo shaharchalar emas, tarixiy va tabiiy binolar qiziqtiradi, jalb qiladi”, degan fikrlar ham bildirilmoqda. Sizning bu fikrlarga munosabatingiz qanday?

— Majmuaning qurilishi asosan, turistlar uchun mo‘ljallangan emas. Bu mahalliy aholining yaxshi sharoitlarda yashashi uchun va ularga imkoniyat yaratish maqsadida qilinyapti. Shaharga tashrif buyuradigan mahalliy sayyohlarga qulayliklar yaratish va tirbandliklarga barham berishni rejalashtirganmiz. Mazkur park aynan xorijlik turistlar uchun mo‘ljallangan majmua sifatida bunyod etilmayapti.

Mirolim Isajonov suhbatlashdi.