5-mart kuni Gaagadagi Xalqaro jinoiy sudi (XJS) Rossiya Aerokosmik kuchlarining uzoq masofali aviatsiyasi qo‘mondoni Sergey Kobilash va Rossiya Qora dengiz floti qo‘mondoni Viktor Sokolovni hibsga olishga xalqaro order berdi.

“Ikki gumonlanuvchi kamida 2022-yil 10-oktabrdan 2023-yil 9-martgacha bo‘lgan davrda Ukrainaning elektr infratuzilmasiga raketa hujumlari uchun javobgar bo‘lgan deb ishonish uchun kuchli asoslar bor”, — deyiladi sud matbuot bayonotida. “Bu vaqt ichida Rossiya harbiy kuchlari tomonidan [Ukrainadagi] ko‘plab elektr stansiyalari va podstansiyalariga hujumlar uyushtirilgani taxmin qilinmoqda”.

XJS sudgacha bo‘lgan palatasi zarbalar fuqarolik inshootlarini nishonga olgani va “harbiy nishonlar sifatida tasniflanishi mumkin bo‘lgan nishonlar uchun tinch aholiga kutilgan zarar harbiy ustunlik bilan solishtirganda haddan tashqari ko‘p”, degan xulosaga keldi.

Sudga ko‘ra, Kobilash va Sokolov tinch aholiga va fuqarolik obyektlariga haddan tashqari tasodifiy zarar yetkazish bo‘yicha insoniyatga qarshi harbiy jinoyatlar uchun javobgardir.

Ukraina hukumati Kobilash va Sokolovni ham tinch aholiga qarshi jinoyatlarda aybladi. Kobilash, Ukraina Xavfsizlik xizmatida ta’kidlanganidek, Ukraina mintaqalarida “turar-joy binolari, shifoxonalar va muhim infratuzilmalarga ommaviy raketa hujumlari” haqida buyruq bergan. Sokolov, UXXga ko‘ra, Qora dengizdan Ukraina energetika tizimini o‘qqa tutganlikda aybdor.

2023-yil mart oyida Xalqaro jinoyat sudi Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Rossiya bolalar ombudsmanı Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order bergandi. Ular Ukrainaning bosib olingan viloyatlaridan bolalarni Rossiyaga noqonuniy ravishda deportatsiya qilishda gumon qilinmoqda, bu urush jinoyati hisoblanadi.