Butunjahon meteorologiya tashkilotining (WMO) ma’lum qilishicha, haroratning isib ketishi bilan mashhur bo‘lgan El-Nino tabiat hodisasi asta-sekin zaiflashmoqda, ammo kelgusi oylarda global iqlimga ta’sir qilishda davom etadi. Olimlarning prognoz qilishicha, bu deyarli barcha quruqlik hududlarida mart va may oylari orasida harorat me’yordan yuqori bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

2023−2024-yilgi El-Nino “kuzatuvlar tarixidagi eng kuchli beshtalik” qatoriga kirdi, deb ta’kidladi WMO. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, El-Ninoning mart-may oylarida ham davom etishi ehtimoli taxminan 60 foizni tashkil qiladi.

WMO ushbu hodisa o‘rtacha har ikki-yetti yilda sodir bo‘lishini va odatda 9 oydan 12 oygacha davom etishini eslatdi. Bu Tinch okeanining markaziy va sharqiy tropik qismida okean sathining isishi bilan bog‘liq bo‘lgan tabiiy iqlim modeli bo‘lib, u dunyoning turli hududlaridagi ob-havoga ta’sir qiladi.

“2023-yil iyunidan boshlab har oyda yangi oylik harorat rekordi o‘rnatildi. 2023-yil kuzatuvlar tarixidagi eng issig‘i bo‘ldi. El-Nino bu rekord haroratlarga o‘z ta’sirini o‘tkazgan bo‘lishi mumkin, ammo asosiy sababchi, shubhasiz, haroratni saqlab turgan issiqxona gazlari hisoblanadi”, — dedi WMO bosh kotibi Selesta Saulo.

El-Nino, odatda, global iqlimga o‘z rivojlanishining ikkinchi yilida eng katta ta’sirni ko‘rsatadi — hozirgi vaziyatda bu 2024-yilga to‘g‘ri keladi, ta’kidlanadi WMO xabarida.

  • 2023-yil may oyida Jahon meteorologiya tashkiloti issiqxona gazlari chiqindilari va El-Nino tabiiy hodisasining rivojlanishi tufayli sayyora yaqin besh yil ichida juda yuqori haroratga duch kelishidan ogohlantirgandi.
  • 2024-yil yanvari kuzatuvlar tarixidagi eng issiq oy bo‘ldi. Shuningdek, oylik harorat rekordi yangilanayotgan ketma-ket sakkizinchi oy sifatida qayd etildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan fevral oyi ham tarixdagi eng issiq bo‘lgan.
  • O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil qishda O‘zbekistonda o‘rtacha havo harorati me’yordan 1,5−2,6 daraja yuqori bo‘lgan.