Farg‘ona shahri markazidagi sun’iy ko‘l o‘rni “dom”, mehmonxona, restoran va savdo majmuasi qurish uchun doimiy foydalanish huquqi bilan qurilish firmasiga berib yuborilgani ma’lum bo‘ldi. Bu viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning prezident qaroriga noto‘g‘ri ishora qilib, “bino va inshootlarni” berganlik niqobi ostida yer ajratish to‘g‘risidagi qaroridan kelib chiqqan. Bunga Kun.uz e’tibor qaratdi. O‘zA ham bu haqda xabar berdi.

Mazkur ko‘l 2020-yilda 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ hisobiga ta’mirlanib, baydarka va kanoeda eshkak eshish sport turining o‘quv bazasiga aylantirilgandi.

Va’da

yer ajratish, sun’iy ko‘l, фарғона

Farg‘ona shahri markazidagi maydoni 2 gektardan ortiqroq bo‘lgan “Yoshlar ko‘li”ning “taqdiri” bir necha yildan beri noaniq bo‘lib kelayotgandi. 2021-yilda viloyat mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan 321 mln so‘m mablag‘ ajratilib, ko‘l atrofini temir panjara bilan o‘rash ishlari olib borilgan. 2022-yilning dekabr oyida 12 nafar tadbirkor viloyat hokimiga turizm yo‘nalishida rejalashtirilayotgan loyihalarini taqdim etgan. Hokimlik matbuot xizmatining xabarida taqdimot davomida Farg‘ona shahridagi foydalanilmay yotgan Yoshlar ko‘li o‘rnida davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida bolalar uchun ko‘ngilochar maskan tashkil etish loyihasini amalga oshirish bilan bog‘liq masala ham ijobiy yechim topgani aytilgandi.

“Farg‘ona haqiqati” gazetasining 2022-yil 30-dekabr kunidagi sonida ham ko‘l bilan bog‘liq maqola e’lon qilingan. Unda ta’kidlanishicha, “Yoshlar ko‘li” o‘sha vaqtda viloyat suv sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabiga qarashli bo‘lgan. 2020-yilda u yerda 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga mukammal ta’mirlash ishlari olib borilgan. Buning natijasida ko‘l suvga to‘ldirilgan va u baydarka va kanoeda eshkak eshish sport turining o‘quv bazasiga aylantirilgan.

Lekin boshlangan tashabbus nihoyalanmay, o‘lda-jo‘lda qolib ketgan. Sababi, chuqurligi 10, eni 80, uzunligi 260 metr bo‘lgan ko‘lga suv to‘ldirish uchun nasoslar me’yoriy quvvatda ishlamagan. Ya’ni yer ostidan suv tortib olishga sarflanadigan elektr quvvati uchun xarajatlarga pul topilmagan.

Maqolada Farg‘ona shahar hokimining kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Boburjon Ahmadjonovning hududni yoshlar uchun madaniy-ma’rifiy markazga aylantirish, buning uchun 2023-yilning boshlaridan qurilish ishlari boshlanishi haqidagi fikrlari keltirilgan.

yer ajratish, sun’iy ko‘l, фарғона

Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov esa “Yoshlar ko‘li”ga “Yoshlar shaharchasi” qiyofasi berilishi haqida gapirgan.

“Tan olish kerak, viloyatimiz turizm salohiyati bo‘yicha respublikada ilg‘orlar safida bo‘lsa-da, hanuz “Yoshlar shaharchasi” mavjud emas. Buning uchun juda tez fursatlarda “Yoshlar ko‘li”ga haqiqiy ma’noda “Yoshlar shaharchasi” qiyofasini berish ustida ish olib bormoqdamiz. Endilikda ko‘l sohillari tun-u kun farg‘onaliklarning qadami uzilmaydigan go‘shaga aylanadi. Hozircha bu xususida aniq bir narsa deyish qiyin. Chunki tadbirkor loyiha ustida o‘rganishlar olib bormoqda. Quvonarli tomoni shundaki, kelgusi yil davomida “Yoshlar ko‘li”da ulkan loyiha amalga oshirilishi natijasida bolalar uchun Disney Land, Yoshlar bog‘i kabi zamonaviy ko‘ngilochar majmualar qad rostlaydi, favvoralar quriladi”, degan u. Ammo oradan bir yil o‘tib, bu va’dalarning bari cho‘pchak ekani ma’lum bo‘lmoqda.

Yoshlardan tortib olinayotgan “Yoshlar ko‘li”

2024-yil fevral oyiga kelib, “Yoshlar ko‘li”ning o‘rnida viloyat hokimi o‘rinbosari aytgani kabi favvoralar otilib turgan, bog‘lari bo‘lgan ko‘ngilochar maskan emas, ko‘p qavatli uylar qurilishi ma’lum bo‘ldi: ko‘l o‘rni qurilish firmasiga berib yuborildi.

Farg‘ona viloyati hokimi 2024-yilning 29-yanvar kuni “Farg‘ona shahridagi bo‘sh turgan bino-inshootlardan samarali foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi qarorni qabul qilgan. Hujjatda faqatgina bitta joy — shahar markazidagi “Yoshlar ko‘li” haqida gap boradi.

Qarorga ko‘ra, “Yoshlar ko‘li” bino-inshootlariga 6 mln AQSh dollari xorijiy hamda 90 mlrd so‘m ichki investitsiya kiritish, mehmonxona, restoran, savdo majmuasi loyihalarini amalga oshirish hamda 100 tadan kam bo‘lmagan yangi ish o‘rni yaratish sharti bilan Unays building MCHJga doimiy foydalanish huquqi asosida biriktirib berilgan. Hokim qarorida Unays building MCHJ hududda mehmonxona, restoran, savdo majmuasi bilan bir qatorda ko‘p qavatli turar joylar qurishi ham belgilab qo‘yilgan.

yer ajratish, sun’iy ko‘l, фарғона

yer ajratish, sun’iy ko‘l, фарғона

Farg‘ona viloyati hokimining yuqoridagi qaroriga huquqiy asos sifatida prezidentning 2019-yil 7-martdagi “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4231-sonli qarori keltirilgan. Ammo prezidentning mazkur qarori talablari Xayrullo Bozorov qabul qilgan qaror bilan “kelishmaydi”.

Prezident qarorida viloyat hokimlariga shahar va tumanlar markazlarida foydalanilmasdan turgan binolarni tadbirkorlik subyektlariga ularda ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish loyihalarini amalga oshirish sharti asosida doimiy yoki uzoq muddatga foydalanish huquqi bilan berish vazifalari yuklatilgan. Ya’ni davlat rahbari qarorida foydalanilmay turgan binoni u yerda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun tadbirkorga berish nazarda tutilgan.

Farg‘ona viloyati hokimi esa o‘z qarori bilan “bino va inshootlar” “niqobi”ni kiydirgan holda “Yoshlar ko‘li”ning 2,2 gektarlik hududini qurilish firmasiga “dom” qurish uchun berib yubormoqda. Aslida, Xayrullo Bozorov bino emas, yerni ajratgan. Sababi, “Yoshlar ko‘li”ning mehmonxona, restoran, savdo majmuasi yoki ko‘p qavatli turar joyga aylantiriladigan binosi yo‘q. U o‘z nomi bilan sun’iy ko‘l, ya’ni yer maydoni hisoblanadi.

Prezidentning 2021-yil 8-iyundagi tegishli farmoni bilan mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer uchastkalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratish, foydalanishga berish, kelgusida ajratish uchun zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yo‘l bilan tasarruf qilish vakolatlari, ular yuzasidan qaror, farmoyish yoki boshqa turdagi hujjat qabul qilish huquqi 2021-yil 1-avgustdan bekor qilingan. Ammo, bitta qaror bilan minglab gektar yerlar taqdirini hal qilib kelgan hokimlar bu vakolatdan mosuvolikni hazm qilolmayotganliklarini ahyon-ahyonda fosh qilib qo‘ymoqdalar.

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning Unays building MCHJga to‘g‘ridan to‘g‘ri yer ajratish bo‘yicha qarori 2024-yil 29-yanvar kuni qabul qilingan. Korxona qaror chiqishidan 24 kun oldin, 2024-yil 5-yanvar kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Ochiq ma’lumotlarga e’tibor qaratilsa, avvaliga MCHJning ustav kapitali 7 mlrd so‘m hamda ta’sischisi 100 foizlik ulush bilan Rahimov Eldor Habibovich bo‘lgan. Ammo ko‘p o‘tmay, Eldor Rahimov MCHJ rahbariga aylangan, ta’sischilik esa 100 foizlik ulush bilan He Veilu ismli shaxsga o‘tgan. Shuningdek, MCHJ ustav kapitali 1 mlrd so‘mga tushirilgan.

yer ajratish, sun’iy ko‘l, фарғона

“Gazeta.uz” bu borada izoh olish uchun Farg‘ona viloyati hokimligi bilan bog‘lana olmadi. 2022-yil oktabr oyida jamoatchilik tanqididan so‘ng Andijondagi tashlandiq Nodirabegim bog‘i va undagi qurigan ko‘lni (sobiq Komsomol) tiklashga kirishildi. Uch yil muqaddam viloyat rahbari shahar hokimini tanqid qilib, bog‘ni rekonstruksiya qilishga ajratilgan mablag‘larni talon-toroj qilib, Turkiyaga qochib ketganini aytgandi.