O‘zbekiston Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun 2024” indeksida beshta eng ilg‘or o‘zgarishlarni amalga oshirgan davlatlar qatoriga kirdi. Bu haqda 4-mart kuni Jahon banki o‘zining “Ayollar, biznes va qonun” yillik hisobotini e’lon qildi.

Unda huquqiy sohada gender tenglikka erishish yo‘lidagi jahon taraqqiyoti baholanadi. Hujjat 190 ta davlatda, jumladan, O‘zbekistonda ayollarning ahvolini 10 ta ko‘rsatkich: “xavfsizlik”, “harakatlanish erkinligi”, “bandlik”, “mehnatga haq to‘lash”, “nikoh”, “ota-onalik”, “bolalarni parvarishlash”, “tadbirkorlik”, “mulkni boshqarish” va”pensiya ta’minoti" bo‘yicha baholovchi indeksni o‘z ichiga oladi.

“Ayollar, biznes va qonun” hisobotining oxirgi nashri 2022-yil 1-oktabrdan 2023-yil 1-oktabrgacha bo‘lgan davrda mamlakatlar qonunchiligidagi tegishli o‘zgarishlarni baholaydi. Bu davrda dunyodagi atigi 18 ta davlat yoki indeksda baholangan davlatlarning 10 foizidan kamrog‘i yuqoridagi ko‘rsatkichlar doirasida ayollarning mavqeini yaxshilagan huquqiy islohotlarni amalga oshirdi.

Umuman olganda, ushbu 18 ta mamlakat gender tengligiga erishishga qaratilgan 47 ta islohotlarni amalga oshirdi. Xususan, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi beshta mamlakat, jumladan O‘zbekiston, Armaniston, Ozarbayjon, Kipr va Moldovada to‘qqizta shunday islohot amalga oshirildi.

Unda O‘zbekiston Iordaniya, Malayziya, Serra-Leone va Togo bilan birgalikda eng katta muvaffaqiyatga erishgan besh davlat qatoridan joy oldi. 2022-yil oktabr oyidan buyon mamlakatda xotin-qizlarning mavqeini oshirishga qaratilgan to‘rtta muhim huquqiy islohotlar amalga oshirildi, deyiladi hisobotda.

Ushbu islohotlar, xususan ikkita asosiy ko‘rsatkich — “mehnatga haq to‘lash” va ;”nikoh" doirasida mamlakatning reytingdagi o‘rnini yaxshilashga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu O‘zbekiston reytingining 11,9 punktga ko‘tarilishiga olib keldi va mamlakat “Ayollar, biznes va qonun 2024” indeksida maksimal 100 balldan 82,5 ball to‘plagan. O‘zbekiston Singapur, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklari bilan bir xil ball to‘pladi, shuningdek Markaziy Osiyoda eng yaxshi natijalarni ko‘rsatdi.

Xususan, O‘zbekistonda ayollarga erkaklar bilan bir xil qiymatdagi mehnat uchun teng haq to‘lashni kafolatlovchi me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. Shuningdek, ayrim sohalarda ayollar mehnatidan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilindi. 2022-yil oktabr oyida mehnat huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro standartlar va konvensiyalarga mos keladigan ushbu qoidalarni o‘z ichiga olgan yangi Mehnat kodeksi qabul qilindi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda ayollarni oiladagi zo‘ravonlikdan himoya qiluvchi me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. 2023-yil aprel oyida Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga oiladagi zo‘ravonlikka, jumladan, oilaviy munosabatlardagi jismoniy, ruhiy va iqtisodiy zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritildi. Shuningdek ushbu turdagi jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

“Jahon banki „Ayollar, biznes va qonun“ hisobotining oxirgi nashrida ta’kidlangan O‘zbekistonning gender tenglikni ta’minlash borasida erishgan yutuqlarini olqishlaydi. Yaqinda amalga oshirilgan huquqiy islohotlar ayollarning fuqarolik, mehnat va iqtisodiy huquqlarini sezilarli darajada kengaytirdi”, — dedi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova.

Jahon banki hukumatga zarur tahliliy va moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish orqali “Ayollar, biznes va qonun 2024” hisobotida ta’kidlangan O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatladi. Bu Bank tomonidan turli ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi muhim islohotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2021- va 2023-yillarda amalga oshirilgan mamlakatda rivojlanish siyosatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha operatsiyalarni o‘z ichiga oladi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning avgust oyida Jahon banki iqtisodchisi ayollar va erkaklar maoshi bo‘yicha tadqiqoti doirasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda tajriba o‘tkazdi. Tadqiqot xulosasida maosh to‘lashda jinslar o‘rtasidagi farq saqlanib qolayotganiga asosan ayollarga nisbatan shakllangan stereotiplar sababchi ekani aytilgandi.