Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasida O‘zbekistonga avtobenzin olib kiruvchi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Yig‘ilishda qo‘mita raisi o‘rinbosarlari Asadulla Qayumov va Farrux Qarabayev bilan birgalikda sohadagi mavjud tizimli muammolarni aniqlash va import imkoniyatlarni oshirish bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqishga bag‘ishlangan masalalar muhokama qilindi.

Tadbirkorlar yettita asosiy muammoni aytib o‘tdi. Banklar tomonidan benzin import qiluvchilar uchun ajratilayotgan kredit yuklamasining yuqoriligi va import qilinadigan yonilg‘i uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash muddatining qisqaligi jumlasidandir.

Ular, shuningdek, temir yo‘l logistikasining qimmatligini ham ta’kidladi. Xususan, Rossiyadan Keles chegarasigacha bo‘lgan masofa (1700 km) uchun bir tonnasi uchun 150 dollar bo‘lgan bir paytda ichki temir yo‘l orqali tashish xizmati 8−10 km uchun 15−20 dollarni tashkil etadi.

Rossiya tomonidan benzin mahsuloti barcha standartlarga to‘g‘ri kelishi va sifati talabga javob berishi yuzasidan hujjatlar borligiga qaramay, respublikaga olib kirganda qo‘shimcha majburiy sertifikatlashdan o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, ba’zida xorijiy davlatlarga pul mablag‘lari o‘tkazib berilganda ushbu mablag‘lar “geosiyosiy vaziyatlardan” kelib chiqib taqiqlarga tushib qoladi va oqibatda mahsulot o‘z vaqtida yetib kelmasligi kuzatiladi. Ayni shu davrda mahsulot relizatsiya qilinmaydi, biroq mablag‘lar o‘tkazilgani uchun soliqqa tortilishi holatlari kuzatiladi.

Shuningdek, importyorlar katta hajmlarda benzin mahsulotini olib kirganda ularni saqlash uchun sig‘imlar mavjud emasligi hamda mavjud bo‘lgan sig‘imlar ijarasi qimmatligini qo‘shimcha qildi.

Import tadbirkorlar Turkmaniston davlatidan benzin mahsulotini xarid qilish jarayoni juda ko‘p vaqtni talab qilishi, natijada aylanma pul mablag‘lari muzlab qolishini qayd etdi.

Ma’lumot uchun, 2023-yilda O‘zbekistonda 1,33 million tonna avtomobil benzini ishlab chiqarilgan, bu 2022-yilga nisbatan 6 foizga yoki 75,4 ming tonnaga ko‘pdir.

Avvalroq “Gazeta.uz” O‘zbekiston benzinni qayerdan, qanday hajmda va qanday narxda olib kirishi haqida yozgandi.