1-mart kuni Tojikiston energetika tizimida katta nosozlik yuz berdi, deb xabar bermoqda ASIA-Plus. Dushanbe shahrida va mamlakatning bir qator viloyatlarida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatildi.

Nashrning qayd etishicha, elektr ta’minotidagi uzilish taxminan soat 11:10 atrofida kuzatilgan. Mamlakat poytaxtida issiqlik tizimi o‘chib qolgan, ichimlik suvi ta’minoti to‘xtagan, shuningdek, uyali aloqa va internet ham ishlamay qolgan.

Yirik shaharlardan faqat Boxtarga uzilishlar ta’sir qilmagan. Mahalliy gidroelektr stansiyalari orqali elektr energiyasi bilan ta’minlangan Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatida ham ta’minot to‘xtamagan.

Nashr manbasining bildirishicha, energiya ta’minotidagi muammolar Nurek GESidagi avariya tufayli yuzaga kelgan.

Bu haqda Dushanbe Post Telegram kanali yozmoqda. Kanalning “Barki tojik” milliy energetika kompaniyasidagi manbalari Nurek GESida suv sathi me’yordan yetti metrga pasaygani haqida xabar bergan.

Tojikiston rasmiylari elektr energiyasining o‘chirilishi bilan bog‘liq vaziyatga hozircha izoh bermagan. Dushanbeda elektr ta’minoti uzilishdan uch soat o‘tib qayta tiklangan.